Sud harbiyning boshini uzib tashlagan 9 kishini o‘limga hukm qildi
Olam
−
15 yanvar 2022
38942Tunisda sud 2016 yilda harbiyning boshini uzib tashlagan 9 nafar “Islom davlati” terrorchilik harakati (ISHID) a’zolarini o‘limga hukm qildi.
1991 yil mamlakatda o‘lim jazosiga moratoriy e’lon qilingan bo‘lishiga qaramasdan, 2015 yildan buyon Tunis milliy xavfsizligiga tahdid sola boshlagan terrorchilik guruhiga a’zo bo‘lgan 9 nafar qotilga nisbatan e’lon qilinga oliy jazoni xalq qo‘llab-quvvatlamoqda.
Kecha, 14 yanvar kuni mamlakat sudi 2016 yil noyabrida Jazoir bilan chegara yaqinidagi Mgila tog‘i atrofidagi hududda armiya zobiti Said G‘ozlaniyning o‘ldirilishi bilan bog‘liq holatni ko‘rib chiqdi.
U jihodchilar qo‘nim topgan o‘sha yerdagi o‘z uyida boshsiz holatda topilgan.
“Islom davlati” guruhi askarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq ayblovni tan olgan.
Bundan tashqari, sud jinoyatga aloqador 15 nafar shaxsga nisbatan 32 dan 44 yilgacha muddatga qamoq jazosini e’lon qilgan.
2011 yilgi inqilobda mamlakat avtokratik Prezidenti Zayn al-Obidin Bin Ali hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Tunisda jangarilar faolligi kuchaygan.
O‘shandan buyon, bir necha o‘nlab harbirlar jangari va terroristlar tomonidan o‘ldirilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat ancha yaxshilangan, biroq Tunis harbiy kuchlari hali ham Mgila va Chaami tog‘lari hududida jangarilarning faoliyatini kuzatishda davom etmoqda.
2020 yilda 29 yoshli ayolning o‘ldirilishi mamlakatda norozilik uyg‘otganidan keyin Prezident Kays Said Tunisda o‘lim jazosiga qo‘yilgan moratoriyni bekor qilishni taklif qilgan.
Ayolning jasadi poytaxt Tunisni Marsa shahri bilan bog‘lovchi magistral yo‘l yoqasidagi ariqdan topilgan. Jinoyatda gumon qilingan erkak uni qo‘lidagi telefonini o‘g‘irlash uchun bug‘ib o‘ldirganini tan olgan.
Tunisni larzaga solgan ushbu qotillik ortidan mamlakat Prezidenti Kays Said “kimnidur hech qanday sababsiz o‘ldirgan har bir kishi o‘lim jazosiga loyiqdir”, deya bildirgan edi. Uning bu so‘zlari huquq tashkilotlarining noroziligiga sabab bo‘lgandi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi
26 noyabr