Qobul aeroportida yo‘qolib qolgan ikki oylik chaqaloq yaqinlariga qaytarildi
Olam
−
09 yanvar 2022
10731Tartibsizliklar mobaynida noilojlikdan aeroportda amerikalik askar qo‘liga topshirilgan chaqaloq yaqinlarining bag‘riga qaytarildi.
Afg‘onistonda hukumat “Tolibon qo‘liga o‘tishi ortidan vahimaga tushgan aholi mamlakatni ommaviy ravishda tark eta boshlagan edi. Ommaviy ko‘chishlar mobaynida yo‘qolib qolgan bola Sohail Ahmadiy 2021 yilning avgust oyida askar qo‘lida tashlab ketilayotganida endigina ikki oylik chaqaloq bo‘lgan.
Yo‘qolgan bola haqida maqola yozib muntazam yoritib kelgan Reuters agentligining ma’lum qilishicha, chaqaloqni qobullik 29 yashar taksi haydovchisi Hamid Safi topib olgan va o‘z farzandidek parvarish qila boshlagan.
Yetti haftadan ko‘proq davom etgan muzokaralar, tortishuvlar natijasida hamda “Tolibon” politsiyasi tomonidan qisqa muddatga hibsga olinganidan so‘ng, Hamid Safi nihoyat bolani Qobuldagi bobosi va yaqin qarindoshlariga qaytarib bergan.
Yaqinlarining bildirishicha, endilikda bolani bir necha oy avval Amerikadan boshpana topgan ota-onasi va oila a’zolari bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
O‘tgan yilning yozida boshlangan Afg‘onistondagi notinch vaziyatlar paytida, AQSH elchixonasida qo‘riqchi bo‘lib ishlagan chaqaloqning otasi Mirza Ali Ahmadiy va onasi Surayyo aeroportda bolasi olamon orasida nobud bo‘lishidan qo‘rqib, uni amerikalik askar qo‘liga topshirgan.
Ahmadiy Reuters’ga bergan intervyusida, o‘g‘lini aeroport panjarasining narigi tomonida bo‘lgan, amerikalik askar deya taxmin qilib, harbiy formadagi odamga berib yurobgani va o‘zidan 5 metr narida joylashgan darvozadan kirib olgach, qaytarib olmoqchi bo‘lganini aytgan.
Ammo, aynan o‘sha paytda “Tolibon” jangarilari ortga chekinishini aytib, olamonga qurol o‘qtalgan. Natijada Ahmadiy va uning oilasi bir necha soatlardan keyin aeroport hududiga kirishga muvaffaq bo‘lgan, lekin chaqaloqni yo‘qotib qo‘yishgan.
Ahmadiylar oilasi AQSH harbiylari tomonidan evakuatsiya qilinib, Texasdagi harbiy bazaga joylashtirilgan.
Bolani topib olgan taksi haydovchisi Hamid Safining aytishicha, aynan o‘sha kuni u ham akasining oila a’zolarini Amerikaga yuborish uchun Qobul aeroportiga olib kelgan. Aeroport ichkarisiga kirishga muvaffaq bo‘lgan Safi yerda yotgan chaqaloqqa ko‘zi tushadi va uning tashlab ketilganini taxmin qilib, uni boqib olishga qaror qiladi.
Uch nafar qizaloqni tarbiyalayotgan Safining aytishicha, o‘limidan avval onasi Safining o‘g‘illi bo‘lishini juda orzu qilgan.
“Men o‘sha paytda bolani boqib olishga qaror qildim. Agar oilasi topilsa, ularga qaytarmoqchi, topilmaydigan bo‘lsa, o‘zim katta qilmoqchi edim”, degan taksi haydovchisi Safi.
Vaziyatdan xabardor Amerika elchixonasi rasmiylariga ko‘ra, bolani ota-onasining bag‘riga qaytarish uchun amaliy yordam ko‘rsatiladi.
Behruz Saidov
LiveBarchasi
26 noyabr