Stoltenberg urushni Putin emas, Zelenskiy to‘xtatsa, nima bo‘lishini aytdi
Olam
−
24 Oktabr 2022
26230Agar Prezident Vladimir Zelenskiy urushni to‘xtatsa, Ukraina mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lmaydi. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg DW Conflict Zone dasturida aytib o‘tdi.
“Biz Rossiyaning harakatlariga, u yerda kim bo‘lishidan qat’i nazar, munosabat bildiramiz. Va biz ularni bu urushni to‘xtatishga undashda davom etamiz. Bu urushni boshlagan Prezident Putin edi va u ertaga o‘z qo‘shinlarini olib chiqib, uni tugatishi mumkin. Shuni yodda tutishimiz kerakki, agar Putin va Rossiya urushni to‘xtatsa, tinchlik bo‘ladi. Agar Prezident Zelenskiy va Ukraina urushni to‘xtatsa, Ukraina mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lishni to‘xtatadi. Va biz bunday bo‘lishini xohlamaymiz. Shuning uchun biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz”, deydi Stoltenberg.
Uning ta’kidlashicha, NATOning eng ustuvor vazifasi Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishdir.
Stoltenbergning aytishicha, jang maydonidagi g‘alaba Ukraina Qurolli Kuchlarining xizmati, ammo NATO ko‘magisiz ular bu muvaffaqiyatlarga erisha olmagan va ruslarni so‘nggi haftalarda bo‘lgan yo‘lidan ortga qaytara olmas edi.
Bundan tashqari, Stoltenberg NATOni qo‘rqitish yoki Rossiyaning yadroviy shantajiga chidashga majburlab bo‘lmasligini aytdi. Uning qayd etishicha, Rossiya Federatsiyasi tahdidlari hamkorlarni shantaj qilish va ularni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga majbur qilishdir.
Shu bilan birga, Bosh kotib Ukrainaga qarshi har qanday yadro qurolini qo‘llash xavfi past ekanligini ta’kidladi.
“Biroq, uni qo‘llashning mumkin bo‘lgan ta’siri va oqibatlari juda katta. Shuning uchun biz bu tavakkalchilikni jiddiy qabul qilishimiz kerak”, deydi u.
Stoltenbergga ko‘ra, yadro urushida g‘alaba qozonib bo‘lmaydi, shuning uchun uni hech qachon boshlamaslik kerak.
Shuningdek, u Rossiya Federatsiyasining ehtimoliy yadroviy hujumiga alyans qanday javob berishi haqida batafsil ma’lumot bermadi.
“Bu ko‘p jihatdan hujum turiga, vaziyatga, kontekstga bog‘liq bo‘ladi, lekin biz hech qachon potensial raqibga qanday munosabatda bo‘lishimizni bilish imtiyozini bermaymiz. Ular buning jiddiy oqibatlarga olib kelishini bilishadi. Va biz bu xabarni oxirgi haftalarda bir necha bor takrorladik”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 oktyabr kuni Stoltenberg Rossiyaning g‘alabasi Ukraina uchun ham, alyans uchun ham katta mag‘lubiyat bo‘lishini, chunki bu dunyoni yanada xavfli, NATO mamlakatlarini esa Rossiya agressiyasiga nisbatan zaifroq qilishini aytdi. U, shuningdek, alyans Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi va davom ettirishini ta’kidlab, NATO Ukraina bilan birga ekanligini va qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha u bilan turishini qo‘shimcha qildi.
Shu bilan birga, Stoltenbergning aytishicha, NATO Ukraina mojarosida ishtirok etmaydi, biroq alyansning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi muhim rol o‘ynaydi.
Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga ko‘ra, yuqoridagi so‘zlari bilan Stoltenberg NATO allaqachon bu urushga kirganini tasdiqlagan.
“Norvegiyalik halol yigit nihoyat buni tan oldi”, deb yozadi Medvedev