Stoltenberg ketyapti. Uning o‘rniga kimlar ko‘z tikkan?

Olam

image

Avval xabar berganimizdek, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg joriy yilning sentyabr oyida vakolat muddati tugashini e’lon qilgan edi. Stoltenbergning bayonotidan keyin Bryusseldagi alyans bosh qarorgohida alyansning o‘n to‘rtinchi rahbari kim bo‘lishi haqida munozaralar boshlandi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.

Qayd etilishicha, alyansga a’zo 30 ga yaqin davlat elchilarining deyarli yarmi so‘zsiz o‘z nomzodini ilgari surmoqda. Bu lavozimni ilk bor ayol kishi egallashini istayotganlar ham ko‘p. 

Bosh kotib qanday tanlanadi?

NATO rahbari lavozimiga nomzod avval davlat yoki hukumat rahbari sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak. Undan ingliz tilini mukammal bilish talab qilinadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari ittifoqning muhim a’zosi sifatida, hatto bosh kotib an’anaga muvofiq yevropalik bo‘lsa ham, yakuniy so‘zni aytishga haqli. AQSH asosan alyansdagi eng yuqori ofitserlik lavozimi – NATOning Yevropadagi Ittifoqchi Kuchlari bosh qo‘mondoni (SACEUR) lavozimini o‘zida saqlab keladi. 

Yangi bosh kotib barcha 30 mamlakat hukumatlarining kelishuvi bilan tasdiqlanishi kerak. Shu ma’noda, uning mintaqaviy manfaatlari, kelib chiqishi va siyosiy kun tartibi, qolaversa, nomzodni ko‘rsatgan mamlakatning harbiy va diplomatik ahamiyati muhim rol o‘ynaydi. Masalan, Turkiya vakilining bu lavozimni egallashini hozircha tasavvur qilib bo‘lmaydi – bu mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Asosiy da’vogarlar kimlar?

Ismini oshkor qilishni istamagan NATO diplomati hozir Rossiya tahdidiga uchrayotgan Boltiqbo‘yi davlatlaridan bo‘lgan ayol nomzodni qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Gap Estoniyaning amaldagi Bosh vaziri Kaya Kallas yoki Litva hukumati rahbari Ingrida Shimonite haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin. Alyansning sharqiy qanotidagi mamlakatlardan ko‘rsatilgan ayol nomzod shubhasiz, NATOdagi harbiy ahamiyati ortib borayotgan Polsha tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, Slovakiya Prezidenti Zuzana Chaputova ham tilga olinmoqda. Bu davlat Ukraina bilan bevosita chegaradosh. Uning nomzodini birdamlik harakati sifatida talqin qilish mumkin.

Ammo NATOning janubi-sharqiy qanoti ham o‘z nomzodini ilgari surmoqda. Xususan, Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis ham alyansning keyingi rahbarligiga da’vogarlik qilmoqda. Shuningdek, Italiya janubliklarning bu lavozimga da’volarini kuchaytirish uchun sobiq bosh vazir Mario Dragini NATOning yangi rahbari sifatida tavsiya qilgan. Mish-mishlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya Brexit’dan keyin xalqaro maydonda ko‘proq ko‘rinishi uchun ham mamlakat ushbu lavozimga o‘z nomzodlarini taklif qilgan. Sobiq hukumat rahbari Tereza Mey Buyuk Britaniyadan nomzod bo‘lishi mumkin. Yillar davomida Tereza Mey bilan Brexit bo‘yicha qizg‘in munozaralar olib borgan Yevropa Ittifoqining ko‘plab siyosatchilari uchun buni tasavvur qilish qiyin, albatta.

Kanada Moliya vaziri, ukrainalik muhojirlarning nabirasi Xristya Frilandda ham muayyan imkoniyatlar bor. Ammo bir necha yil oldin Rossiya ommaviy axborot vositalarida Frilandning bobosi Ikkinchi jahon urushi paytida natsistlar bilan aloqada bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar tarqalgan. Frilandning bobosi Mixaylo Xomiak chindan ham Krakovda ukrain tilidagi gazetaning muharriri bo‘lgan, u okkupatsion rejimga sodiq qolgan. Ammo Xristi Fridland bu haqiqatni hech qachon yashirmagan – aksincha u bobosi va uning gazetasi haqidagi tarixiy tadqiqotda qatnashgan. Shunday qilib, Fridlandning rus OAVlari tomonidan “fosh qilinishi” Kanadada katta janjal chiqarmagan va uning iste’fosi haqida jiddiy gap bo‘lmagan. Kanada rossiyalik diplomatlarni Frilandning obro‘siga putur yetkazishga urinishda ayblab hududidan chiqarib yuborgan. Biroq hozirda Kanada Moliya vazirining NATO Bosh kotibi bo‘lishiga birgina muammo to‘sqinlik qilmoqda. Bu uning yevropalik emasligi. NATOning Yevropadagi a’zolari uning nomzodini qabul qilishi dargumon. Biroq kanadalik vazir AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani haqida gaplar bor.

Stoltenbergning o‘zi yana qolishi mumkinmi?

Stoltenbergning iste’foga chiqishi haqidagi bayonotiga qaramay, u ishini davom ettirishi ham mumkin. Chunki hozirgi og‘ir harbiy-siyosiy vaziyat kadrlar masalasi bilan shug‘ullanishni ortga surilishiga olib kelishi mumkin. Yens Stoltenberg o‘z vakolatini 2024 yilning apreligacha uzaytirishi ham mumkin. O‘sha paytda NATO 75 yoshga to‘ladi va bu Vashingtondagi sammitda nishonlanadi. Yens Stoltenberg da’vogarlik qilgan Norvegiya markaziy banki rahbari lavozimi allaqachon egallangani ham uning alyansda qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Stoltenberg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made