Ukraina NATOga a’zo bo‘lish evaziga o‘z hududlaridan voz kechadimi? Zelenskiy javob berdi
Olam
−
06 yanvar
11230Ukraina Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan voz kechish evaziga NATOga qo‘shilish ssenariysini ko‘rib chiqishi mumkin. Biroq ma’lum shartlar bajarilgan taqdirdagina Kiyev bunga rozi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik podkaster Leks Fridmanga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Fridman Prezidentdan Ukraina NATOga a’zo bo‘lish taklifi evaziga Lugansk, Donetsk, Zaporoje va Xerson viloyatlari, shuningdek, Qrimdan voz kechishga rozi bo‘ladimi, deb so‘radi.
"Qonunga ko‘ra, NATOga taklif Ukrainaga beriladi va biz Ukrainaning boshqa barcha hududlarini tan olmaymiz, ammo NATO Ukraina nazorati ostidagi qismida harakat qilishi kerak – bu haqda kelishib olish mumkin. Ishonchim komil", dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina urushni to‘xtatishning diplomatik yo‘lini ko‘rsagina, bunday ssenariy yuzaga kelishi mumkin.
“Bu birinchi narsa. Ikkinchisi – qurol paketi. Men bu nima ekanligini ochiq aytishga tayyor emasman, lekin prezident Tramp uchun bu borada hech qanday sir yo‘q. Bu asosan Qo‘shma Shtatlar irodasiga bog‘liq. Bu paket birlikka muhtoj”, dedi u.
Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, AQSHning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ham Rossiya energetikasining bozorga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy qilishi kerak. Uning ta’kidlashicha, bu, birinchi navbatda, Vashington uchun foydali bo‘ladi.
"Menimcha, u mamnun bo‘ladi (Donald Tramp), AQSH Prezidenti va xalqi xursand bo‘ladi", deb tushuntirdi Prezident.
Qayd etish joiz, NATOning Ukrainadagi vakolatxonasi rahbari Patrik Tyornerning aytishicha, alyans 2024 yilda Ukrainadagi ishtirokini 3 barobarga oshirgan va kelasi yilda ham ko‘paytirmoqchi. 2025 yilda NATOning Ukrainadagi vakolatxonasi jamoasiga yana 20 ga yaqin kishi qo‘shilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, kecha, 5 yanvar kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik podkaster Leks Fridmanga intervyu berdi. Zelenskiy bilan suhbat uch soatdan ortiq davom etdi.
Eslatib o‘tamiz, Zelenskiy mazkur intervyuda Ukrainada prezidentlik va parlament saylovlari urush tugagan yilda o‘tkazilishini aytgan edi.
LiveBarchasi