Stoltenberg Erdo‘g‘an bilan bahsli masalada gaplashib oldi

Olam

image

Bugun, 23 iyun kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbatlashdi. Ular suhbat chog‘ida Shvetsiya va Finlyandiyaning ittifoqqa a’zolik masalasini muhokama qilgan. Bu haqda Turkiya Prezidenti devoni xabar berdi.

“Suhbat chog‘ida Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zolik arizasi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Erdo‘g‘an Shvetsiyaning terrorchi Kurdiston ishchilar partiyasiga nisbatan pozitsiyasini aniq o‘zgartirishi zarurligiga ishora qildi. Shuningdek, Prezident Shvetsiyadan Turkiyaga mudofaa sanoati sohasida joriy etilgan qurol embargosi va cheklovlarni bekor qilishini kutayotganini qayd etdi”, deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga a’zoligi masalasi kelasi hafta alyansning Madriddagi sammitida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga intilishlari

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urush boshlashi ortidan uzoq yillar davomida betaraflik maqomida bo‘lib kelgan Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo‘shilish harakatiga tushdi. 

Joriy yilning 12 may kuni Finlyandiya Prezidenti va Bosh vaziri mamlakat NATOga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘ldi. NATO ham bu davlatni ortiqcha jarayonlarsiz tashkilotga olishga tayyorligi bildirildi.

Buning ortidan rasmiy Moskva Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini e’lon qildi.

11 may kuni esa Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ikkala Skandinaviya davlatiga tashrif buyurib, Shvetsiya va Finlyandiya rahbarlari bilan o‘zaro xavfsizlik kafolatlarini imzoladi.

13 may kuni esa NATO a’zosi bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga ijobiy qaramasligini bildirdi.

15 may kuni Finlyandiya ham, Shvetsiya ham NATOga a’zo bo‘lishga qaror qilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Turkiya Erdo'g'an Stoltenberg

Baholaganlar

40

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing