Stoltenberg davri: NATO rahbari 9 yil ichida nimani qoyil qildi?
Tahlil
−
12 iyul 2023
6626Shu yilning 4 iyul kuni NATOning amaldagi bosh kotibi Yens Stoltenberg yana bir yil o‘z lavozimida qolishini e’lon qildi. Uning faoliyati boshqa hamkasblarinikidan Ukrainadagi urush va kollektiv xavfsizlik muammolari bilan ajralib turadi.
Yens Stoltenberg 2014 yil 1 oktyabrdan hozirgacha NATO Bosh kotibi lavozimida ishlab kelmoqda. U bu lavozimdagi birinchi norvegiyalik mutaxassis hisoblanadi. Stoltenbergning Bosh kotibligi davrida Chernogoriya hamda Shimoliy Makedoniya alyansga qo‘shildi. Uning rahbarligida NATO o‘ziga a’zo davlatlarning jamoaviy mudofaa salohiyatini oshirishga, xususan, kiber urush va gibrid tahdidlarga qarshi kurashishga ko‘proq e’tibor qaratdi. Stoltenberg, shuningdek, NATOning boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligini mustahkamlashda hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Misol uchun, Stoltenberg alyans yalpi ichki mahsulotining 2 foizini mudofaaga sarflash uchun xarajatlarni oshirishga chaqirdi. Shuningdek, NATOning yangi voqeliklariga moslashishi, jumladan, Rossiya bilan muloqot va hamkorlik masalasida, tajovuzkor hatti-harakatlariga qarshi turishda qat’iy yondashuvni targ‘ib qildi.
Stoltenbergning "karomatlari"
Yens Stoltenberg 2014 yilda NATO Bosh kotibi lavozimini egallaganidan so‘ng tashkilot bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi.
Xususan:
1. NATO rivojlanayotgan xavfsizlik muammolariga javoban o‘zining mudofaa pozitsiyasini yuksaltirdi. Bunga Boltiqbo‘yi mintaqasi va Polshada ko‘p millatli jangovar guruhlarning joylashtirilishi, NATO kuchlarining tayyorgarligi va tezkorligini oshirishi kiradi.
2. U a’zo mamlakatlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga ko‘ndirdi. Natijada, 2020 yil oxiriga kelib, NATOga a’zo bo‘lgan Yevropa davlatlari va Kanadaning 2014 yildan beri umumiy mudofaa byudjeti 130 milliard dollarga yetdi.
3. NATO terrorizmga qarshi kurashda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Alyans ISHIDga qarshi kurash bo‘yicha global koalitsiyani o‘qitish va maslahatlar berish hamda a’zo davlatlar o‘rtasida razvedka ma’lumotlarini almashishni yo‘lga qo‘ydi.
4. NATO-Rossiya munosabatlari 2022 yilgacha yaxshilandi: Stoltenberg Rossiya bilan ochiq aloqa kanallarini saqlab qolish, shu bilan birga NATOning nazorat qilish qobiliyatini mustahkamlash ustida ishladi. Rossiya bilan tushunmovchiliklarning oldini olish va mojarolarni kamaytirishga intildi.
5. Bosh kotib a’zo davlatlarni harbiy-siyosiy qarorlar qabul qilishda ayollarning vakolatini oshirishga chaqirdi. Tashkilotda gender tamoyillarini joriy etish asoslari yaratildi.
6. Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida harbiy tayyorgarlik va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish uchun ko‘p millatli mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu mashg‘ulotlar kollektiv mudofaa qobiliyatini mustahkamladi hamda NATOning mintaqaviy va global xavfsizlikka sodiqligini namoyish etdi.
Ukrainada urush boshlanganidan keyingi davr
Ukrainadagi urush Stoltenbergga katta ma’suliyat yukladi. 2022 yil 24 iyun kuni Rossiya Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiya boshlagan bo‘lsa, 4 mart kuni u NATO davlatlari osmonini Rossiya uchun yopiq deb e’lon qildi.
Ukrainani tashkilotning a’zosi sifatida qabul qilish bosimi har qachongidan ham kuchli bo‘lsa-da, alyans Kiyevni qabul qilishga shoshilmayapti. Bunga bir tomondan Ukrainada urush harakatlarining davom etayotgani sabab bo‘lsa, boshqa tomondan NATOga a’zo ba’zi davlatlar hukumatlari Ukrainani alyansda ko‘rishdan manfaatdor emasligi sababchi. Biroq aynan uning davrida urush bahona Finlandiyaning alyansga qo‘shilishi orqali NATO chegarasi bevosita Rossiyagacha yetib bordi.
Stoltenberg G‘arbdagi ba’zi siyosatchilardan farqli ravishda mojaroga boshidan uzoq muddatli urush sifatida qaray boshladi. “Putin uzoq muddatli urushni rejalashtirgan va yangi hujumlar boshlash ehtimoli juda yuqori”, degandi u 2022 yil dekabr oyidagi intervyusida.
Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi: NATO rahbari qanday xatolarga yo‘l qo‘ydi?
Har qanday siyosiy arbob kabi Yens Stoltenbergning NATO Bosh kotibi sifatidagi faoliyati ham tanqidga uchrayapti:
1. Ayrim tanqidchilar Stoltenberg Rossiyaning Ukraina va boshqa mamlakatlardagi agressiyasiga qarshi yetarlicha javob berolmayotganini ta’kidlashmoqda. Ularning fikricha, NATO Rossiyani tiyib turish va a’zo davlatlarni himoya qilish uchun yanada qat’iyroq choralar ko‘rishi kerak edi.
2. Tashkilot Sovuq urush davridagi an’anaviy yondashuvni saqlab qolish o‘rniga, yangi paydo bo‘lgan muammolar, xususan gibrid urushlar va kiberterrorizmni hal qilishga ko‘proq e’tibor qaratishi kerak.
3. Tanqidchilarning fikricha, Stoltenberg rahbariyati NATO doirasida shaffoflik va javobgarlik yo‘qligini isbotlayapti. Asosiy qarorlar ko‘pincha yopiq eshiklar ortida, a’zo davlatlarning yetarli maslahatisiz yoki ishtirokisiz qabul qilinyapti.
4. Ayrim tanqidchilar Stoltenberg rahbarligida NATO nizolarni, jumladan, Ukrainada davom etayotgan inqiroz va Yaqin Sharqdagi beqarorlikni samarali hal qilish imkoniyati yo‘qligini ta’kidlashmoqda.
Shu kabi e’tirozlar ortidan Yens Stoltenberg joriy yilning oktyabr oyida lavozimidan ketishi kutilayotgan edi. Biroq 2023 yilning 4 iyul kuni uning vakolat muddati uzaytirildi. U yana bir yil — 2024 yil 1 oktyabrgacha o‘z lavozimida qolishini ma’lum qildi.
Avazbek Mo‘ydinov
LiveBarchasi