Starlink'ni o‘chirsam, Ukraina fronti qulaydi – Mask
Olam
−
09 mart
14333Amerikalik milliarder Ilon Mask Ukrainaning Starlink sun’iy yo‘ldosh internet tizimiga kirishini to‘xtatib qo‘yish imkoniyatini va bu qadam o‘zini Rossiya harbiy agressiyasidan himoya qilayotgan mamlakat uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida eslatib o‘tdi. Bu haqda u bugun, 9 mart kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Mening Starlink tizimim Ukraina armiyasining tayanchidir. Agar men uni o‘chirib qo‘ysam, ularning butun front chizig‘i qulaydi”, deydi u.
Maskning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davom etgan, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan va “Ukraina muqarrar ravishda yutqazadigan qirg‘in” uning “joniga tekkan”.
“Rostdan ham qayg‘uradigan, o‘ylaydigan, tushunadigan odam bu go‘sht maydalagichning to‘xtab qolishini xohlaydi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Qayd etish joiz, fevral oyi oxirida, agar tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan Starlink interneti Ukrainada yopilishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. “Reuters” xabariga ko‘ra, AQSH Prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg, agar nodir metallar bo‘yicha kelishuv imzolanmasa, Kiyevdagi muzokaralarda Starlink kompaniyasi “tez orada yopilishi” bilan tahdid qilgan. Keyinchalik Mask buni rad etdi.
Ayni paytda Yevropada Ukrainadagi Starlink’ni muqobil operator bilan almashtirish haqida munozaralar davom etmoqda. “Reuters” xabariga ko‘ra, Franko-Britaniya Eutelsat guruhi Ukrainadagi Starlink o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan OneWeb sun’iy yo‘ldoshlari haqida Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralar olib bormoqda.
“Biz Ukrainaning sa’y-harakatlarini kuchaytirishga qanday hissa qo‘shishimiz mumkinligi haqida Yevropa Ittifoqi bilan fikr almashmoqdamiz”, deydi Eutelsat vakili.
U kompaniyaning mintaqadagi ba’zi ilovalar uchun mos bo‘lgan geostatsionar sun’iy yo‘ldosh quvvatiga ega ekanini ham qo‘shimcha qildi.
Ta’kidlash joiz, Yevropa Ittifoqi avvalroq Ukraina bilan Govsatcom’dan Starlink’ga mumkin bo‘lgan muqobil sifatida foydalanish imkoniyatini muhokama qilgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar

