Stanionis G‘iyosov bilan jang qilmaydigan bo‘ldi
Sport
−
24 yanvar
4907Birinchi o‘rta vazn toifasida WBA kamari sohibi Eymantas Stanionis IBF chempioni Jaron Ennisga qarshi ringga ko‘tariladi. Bu haqda “Matchroom” promousheni matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2025 yilning 12 aprelida birinchi yarim o‘rta vazn toifasida WBA va IBF kamarlarini birlashtiruvchi jangda Eymantas Stanionis Jaron Ennisga qarshi ringga chiqadi.
Qayd etish joiz, Stanionisga qarshi birinchi raqamli da’vogar bo‘lib turgan o‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov jang qilishi kerak edi. Bunga WBA tashkiloti ham buyruq bergandi. Lekin litvalik bokschi birlashtiruvchi jang o‘tkazilayotgani sabab, kamarni himoya qilish keyinroqqa surildi.
Ma’lumot o‘rnida, Stanionis profboksda 16 ta jang o‘tkazib, 15 ta g‘alaba qayd etgan. Bir jang natijasi bekor qilingan. Eymantas oxirgi jangini 2024 yilning may oyida o‘tkazgan va o‘shanda Gabriel Mayestreni ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etib, WBA kamarini o‘zida saqlab qolgandi.
Ennis esa profboksda 34 ta jang o‘tkazib, shundan 33 tasida g‘alaba qozongan va 1 jangi natijasi bekor qilingan. Jaron so‘nggi jangini 2024 yilning noyabr oyida o‘tkazgan va o‘shanda Karen Chuxajyanni ochkolar hisobiga ko‘ra mag‘lub etib, IBF kamarini o‘zida saqlab qolgandi.