SSVda tozalash: vazirlik markaziy apparati xodimlarining 40 foizi ishdan bo‘shatildi

Jamiyat

image

Bugun, 14 dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligining navbatdan tashqari Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda vazirlik markaziy apparatining 40 foiz xodimi ishdan olindi. 

SSV Matbuot xizmatining xabar qilishicha, keyingi paytlarda fuqarolarning tibbiyot sohasidan norozi ekanligi haqida Sog‘liqni saqlash vazirligiga juda ko‘p shikoyatlar kelmoqda. Masalan, joriy yilning o‘tgan 11 oyida SSVga kelib tushgan jami murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 12 mingtaga ko‘payib, 57 600 tani tashkil etgan. Ularning eng katta qismini sifatsiz tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalar tashkil etadi. 

“Yurtdoshlarimiz o‘rtasida ayrim kasalliklar ko‘rsatkichlari yil sayin oshib borayotgani ham achinarlidir. Xususan, so‘nggi besh yilda yurak-qon tomir xastaliklariga chalinish holatlari 20 foizga ko‘paygan. 

Qolaversa, bitta tumanda kamida 10-15 ta laboratoriya bo‘lgani bilan qonni tahlil qilishga sharoit va mutaxassislar malakasi yetishmasligi oqibatida diabetning og‘ir asoratlari – ko‘z, buyrak va to‘piq kasalliklari bo‘yicha respublika muassasalariga murojaatlar 10 foizga oshgan”, deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, tibbiyotda davlat xususiy sherikchilik munosabatlari, tibbiy sug‘urta, litsenziyalash, akkreditatsiyalash va tibbiy turizmni rivojlantirish, sohani raqamlashtirish yo‘nalishlarida ishlar yetarli darajada tashkil qilinmangani tufayli ko‘zlangan natijalarga erishilmayapti. 

Shu sababdan vazirlik hay’ati yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparatining o‘z faoliyatida natija bermagan 40 foiz xodimlari vazifasidan ozod etilgan va ularga quyi bo‘g‘in tibbiyot muassasalarida ishlash taklif qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

337

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing