SSV “O‘zkimyosanoat” raddiyasiga javob qaytardi
Jamiyat
−
31 Oktabr 2019
4595Avvalroq, Sog‘liqni saqlash vazirligi joriy yilning 29 oktyabr kuni “Navoiyazot” AJga qarashli PVX zavodida yuz bergan favqulodda vaziyatda 4 kishi zaharlanganini ma’lum qilgandi. Shundan so‘ng “O‘zkimyosanoat” AJ matbuot xizmati bu xabarga raddiya bilan chiqib, joriy yil 28 oktyabr kuni PVX zavodi va umuman “Navoiyazot” AJ hududida hech qanday favqulodda holat yuz bermaganini ma’lum qildi.
“O‘zkimyosanoat” AJ raddiyasidan so‘ng SSV shu masalaga doir yana bir xabar e’lon qildi.
“Avvalo ta’kidlashimiz lozimki, inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq har qanday holat biz tibbiyot xodimlari uchun favqulodda holat hisoblanadi”, deb boshlanadi SSV bayonoti.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yil 28 oktyabr kuni soat 18:30da “Navoiyazot” AJ xizmat mashinasida, tarjimon kuzatuvida 4 nafar fuqaro ko‘ngil aynish, qayt qilish, nafas qisishi, bosh aylanishi shikoyatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filiali qabul bo‘limiga olib kelingan.
Kuzatuvchi tarjimonning so‘zlariga ko‘ra, 16:00 da “Navoiyazot” AJ hududidagi “PVX, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi” qurilishida to‘satdan havoda o‘tkir gaz hidi paydo bo‘lgan. Natijada uch nafar ishchi ish joyida nafasi siqilib yiqilgan. Jabrlanuvchilar kuzatuvchilar yordamida voqea joyidan zudlik bilan “Navoiyazot” AJ Tibbiy sanitariya qismiga olib borilgan. Birlamchi shifokor ko‘rigidan so‘ng Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Navoiy viloyat filialiga yuborilgan.
“Filialimiz qabul bo‘limida toksikolog vrach ko‘rigidan so‘ng, bemorlarda yuqori nafas yo‘llari shilliq qavatlarida giperemiya, shish aniqlangan. Bemorning shikoyati, anamnezi, ob’ektiv ko‘rigi asosida “Noma’lum gazdan (razdrajayuiy) ingalyatsion zaxarlanish, yengil darajasi” dastlabki tashxisi qo‘yilgan, deydi RSHTYOIM viloyat filiali direktori O.Inamov.
Bemorlar tekshirish va davolash maksadida Toksikologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bo‘limda toksikolog ko‘rigidan so‘ng, boshqa turdagi zaxarlanish klinik belgilari bo‘lmaganligi sababli, shuningdek, oziq-ovqatdan zaxarlanish tashxisi ham inkor etilgan.
Ma’lum bo‘ladiki, bemorlarning shikoyati, anamnezi, klinik belgilaridan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, oziq-ovqatdan zaxarlanish alomatlari bo‘lmagan. Noma’lum gazdan zaxarlanish tashxisining asosi esa bemorlarning shikoyati, xodisa sodir bo‘lgan vaziyat va ko‘rik vaqtida aniqlangan klinik o‘zgarishlar hisoblanadi.
“Kasb mas’uliyatidan kelib chiqqan holda har bir shifokor uchun u kim bo‘lishidan qat’i nazar inson hayoti ustuvor hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi bundan buyon ham odamlar salomatligi tahdid tug‘diruvchi har qanday vaziyatni favqulodda holat hisoblab, zudlik bilan tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda davom etadi”, deb ta’kidlaydi SSV.