SSV “Tez yordam"ning kechikkani haqidagi da’voga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

“Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida berilgan lavha asosida ijtimoiy tarmoqlarda “Qarshida kaltaklangan shifokorlar: marhumning yaqinlari “Tez yordam”ning kechikkanini ta’kidlashmoqda” mazmunidagi fikr-mulohazalar tarqaldi.O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mazkur lavha hamda tarqalgan xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi. 

"Kuni kecha  “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion dasturida berilgan lavha asosida ijtimoiy tarmoqlarda “Qarshida kaltaklangan shifokorlar: marhumning yaqinlari “Tez yordam”ning kechikkanini ta’kidlashmoqda” mazmunidagi fikr-mulohazalar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari bu holatni o‘rganib, vaziyat yuzasidan avval ham ma’lumot bergan edi. “Tez yordam”ning kechikkani haqidagi fikr-mulohazalar bo‘yicha yana bir karra vaziyat o‘rganilib, bu xususda quyidagilarni ma’lum qilamiz:

Avval ma’lum qilganimizdek, joriy yilning 16 oktyabr kuni soat 08:28 da RSHTYOIM Qarshi  filiali tez tibbiy yordam stansiyasi Call-markaziga Qarshi shahri Depo ko‘chasi 28-uyga ...99 64 raqamidan chaqiriq bo‘lgan. Qo‘ng‘iroq qilgan kishi 1967 yilda tug‘ilgan fuqaro G.Sh. hushsiz ekanligini ma’lum qilgan.
Chaqiriqqa tez tibbiy yordam brigadasi “Xunday” avtomashinasida soat 08:36da yuborilgan. Brigada a’zolari berilgan manzilga soat 08:42 da yetib kelishgan (sirena va migalka yoqilgan holda).

Ko‘rinib turibdiki, brigada mashina stansiyadan yuborilganidan xonadonga yetib borgunicha o‘tgan vaqt 6 daqiqani tashkil etadi, xolos. Avtomashina necha daqiqada yetib borganligini isbotlash uchun u yurgan yo‘ldagi chorrahalarda o‘rnatilgan videokameralar tasvirlarini kuzatish kifoya.Manzilda tez tibbiy yordam xodimlarini shaxsiyatga tegadigan haqoratli gaplar bilan kutib olishgan va ular biologik o‘lim chaqiriqdan ancha oldin  qayd etilganini bildirganlaridan  so‘ng ayovsiz kaltaklangan. 

Tez tibbiy yordam navbatchi shifokori va feldsher o‘zlari borgan avtomashinada RSHTYOIMning Qarshi filialiga olib kelingan, mutaxassislar ko‘rigi va standart tekshiruvlardan keyin neyroxirurgiya bo‘limiga davolanish uchun yotqizilgan. Ichki ishlar xodimlariga xabar berilgan.
Soat 08:28 dan keyin soat 08:42 gacha mazkur manzildan “103” telefoniga har xil mobil raqamlardan 3 marta qo‘pol va tahdidli muomala bilan qilingan qo‘ng‘iroqlarni dispetcherlar qabul qilishgan va manzilga allaqachon tez tibbiy yordam brigadasi yuborilganligini bildirishgan. 

Shu kuni soat 09:01 da ...95 64 raqami orqali mazkur manzilga asossiz ravishda yana tez tibbiy yordam brigadasi so‘ralgan.
Bu vaqtda dispetcherlar dastlabki chaqiriqqa borgan shifokor va feldsherga chaqiriq berilgan fuqaroning qarindoshlari tomonidan tajovuz qilinganligini, chaqiriq berilgan fuqaro vafot etganligini bilishgan va ichki ishlar xodimlariga xabar berishgan.
09:01 dagi murojaat bo‘yicha soat 09:02 da o‘sha xonadonga boshqa tez tibbiy yordam brigadasini Hyundai avtomashinasida liniyadan jo‘natishgan. Brigada soat 09:08 da manzilga borgan. Ammo shifokorga marhumning yaqinlari uni shifoxonaga olib ketishganligini bildirishgan. Shu tarzda yana ovoragarchilikka yo‘l qo‘yilgan.

RSHTYOIM Qarshi filialiga marhum G.Sh. qarindoshlari tomonidan shaxsiy mashinada shu kuni taxminan soat 09:05 larda olib kelingan va to‘g‘ri reanimatsiya bo‘limiga chiqarilgan. Filial reanimatsiya bo‘limi shifokorlari tomonidan to‘liq tekshiruv o‘tkazilgan va o‘lim taxminan bir soatcha avval sodir bo‘lganligi qarindoshlariga bildirilgan, ichki ishlar bo‘limiga xabar berilgan.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, mazkur holatda tez tibbiy yordam xodimlari o‘z burchlarini to‘liq ado etishgan. Telekanal orqali berilgan lavha asosida ijtimoiy tarmoqlarda marhumning yaqinlari tomonidan aytilgan “Tez yordam”ning kechikkani haqidagi da’volar hech qanday asosga ega emas va o‘zlarini oqlash uchun o‘ylab topilgan vaj, deb hisoblaymiz", deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

tez yordam sog'liqni saqlash vazirligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing