SSV Prezidentning 14ta topshirig‘ini umuman bajarmagan (video)

Jamiyat

Joriy yilning 25 dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan uch yildagi Sog‘liqni saqlash sohasiga oid topshiriqlaridan 26 tasi muddati buzib ijro etilgan. 14 tasi umuman bajarilmagan. Bu haqda kecha, 25 dekabr kuni Bosh prokuraturada o‘tgan yig‘ilishda Nig‘matilla Yo‘ldoshev ma’lum qildi. 

Yig‘ilishda Bosh prokuror Sog‘liqni saqlash vazirligi davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi bajarmay kelayotganini tanqid qildi.

Unga ko‘ra, berilgan aksariyat topshiriqlarda tibbiyot sohasida tizimli nuqsonlarni aniqlash va bartaraf etish, tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, sohaga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish kabi muhim vazifalar   o‘rin olgan.

Prezidentning 2017 yil 16 martdagi 2838-sonli qarorida 2018 yil 1 aprelga qadar tez yordam xizmatini tezkor boshqarishga qaratilgan axborot tizimi va ma’lumot uzatish tarmog‘ini yaratish belgilangan bo‘lsa-da, bu talab 1 yil-u 8 oydan buyon bajarilmagan.

2017 yil 20 iyundagi 3071-sonli qarorda 2018 yil 1 yanvarga qadar ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj bemorlarning elektron bazasini tashkil qilish hamda 2019 yil 1 martga qadar dispanser kuzatuvidagi shaxslar hisobini yuritishning elektron reyestrini joriy etish belgilangan bo‘lsa-da, bu vazifa ham shu kunga qadar bajarilmagan.

Bundan tashqari, tizimda masalalarni huquqiy tartibga solish, yuridik xizmat faoliyati ham talabga to‘la javob bermaydi.

Bunga Adliya vazirligida ekspertizadan o‘tkazilmagan 6 ta normativ-huquqiy hujjatdan foydalanishga yo‘l qo‘yilganligi yaqqol dalildir.

Xususan, davlat hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatiladigan kasalliklar ro‘yxatiga doir vazirlikning 4 ta buyrug‘i fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lsa-da, Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilmasdan, shu yilning 15 avgustiga qadar foydalanib kelingan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Nig'matilla Yo'ldoshev

Baholaganlar

597

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing