SSV attraksiondan yiqilgan fuqarolarning holati haqida ma’lumot berdi
3-sahifa
−
15 iyun 2023
13672Toshkent shahridagi “Anhor – Lokomotiv” istirohat bog‘ida ikki fuqaro attraksionda uchish chog‘ida yiqilib tushgani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holati haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, baxtsiz hodisadan so‘ng "Tez yordam" brigadasi voqea joyiga yetib kelgunga qadar Milliy gvardiya xodimlari jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatgan.Tez yordam yetib kelgach, ular Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib ketilgan.
Bemorlardan biri, 7-8 metr balandlikdan tushib ketish oqibatida jarohatlangan 24 yoshli B.E.ga “katatravma, qo‘shma shikastlanishlar, bosh miya yopiq jarohati, o‘rta darajadagi miya shikastlanishi, bosh miya peshona qismi kontuzion o‘choq, chap yelka suyagi katta bo‘rtmachasining yopiq sinishi, chap tos suyagi boshchasining yopiq chiqishi, chap yelka bo‘g‘imi distorsiyasi, chap yuqori qovoq, chap qo‘ltiq sohasi, chap periorbital sohasi yumshoq to‘qimalari,chap yelka sohasi, chap ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalar shikastlanishi, teri osti qon quyilishi” tashxisi qo‘yilib, tegishli davo muolajalari tayinlangan.
Yana bir jabrlanuvchi, 30 yoshli T.M.ga esa “katatravma, umurtqa yopiq shikastlanishi, dural qopchasi ezilmagan, orqa miya funksiyasi buzilmagan holda umurtqa pog‘onasi suyaklari VL1-VL2 tanachalarining I darajali kompression sinishi, umurtqaning bel qismi distorsiyasi, bel sohasi yumshoq to‘qimalarining shikastlanishi” tashxisi qo‘yilgan.
“Bemorlar ayni paytda neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan bo‘lib, ahvoli o‘rta og‘ir darajada. Nafas olish va gemodinamik ko‘rsatkichlari barqaror. Ular shifoxonada belgilangan davo standartlari asosida davolanmoqda”, deyiladi SSV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Rishton tumanida voyaga yetmagan qiz attratsiondan yiqilib, tan jarohati olgan edi.
LiveBarchasi