Farg‘onada voyaga yetmagan qiz attraksiondan tushib ketdi
3-sahifa
−
30 mart 2023
11775Farg‘ona viloyati Rishton tumanida voyaga yetmagan qiz attraksiondan yiqilib, tan jarohati oldi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 23 mart kuni tuman markaziy istirohat bog‘ida yuz bergan. 2005 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan N.O. ismli qiz bog‘dagi “Piratskiy korabl” nomli attraksionda uchayotib, ehtiyotsizlik sababli undan tushib ketgan. Oqibatda tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga olib kelingan.
Mazkur holat yuzasidan o‘sha kunning o‘zida Rishton tumani Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan va N.O.ning olgan tan jarohati bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Shuningdek, hodisa sabablarini, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan yoki qilinmaganini aniqlash yuzasidan Bandlik boshqarmasiga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.
“Hozirgi kunda voyaga yetmagan N.O. Bog‘dod tuman tibbiyot birlashmasida shifokorlarning nazoratida davolanmoqda va ahvoli yaxshilanyapti”, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan Rishton tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroda er-xotin va ularning farzandi bo‘lgan attraksion uzilib, 6 metr uzoqlikka uchib ketgan edi.
LiveBarchasi