Roup-jamping paytida 21 yoshli qiz halok bo‘ldi (video)
Olam
−
15 iyun 9066 2 daqiqa
Braziliyaning Limeyra shahridagi roup-jamping attraksionida 21 yoshli qiz halok bo‘ldi. Yo‘riqchilar xavfsizlik arqonini bog‘lashni unutib, uni 40 metrlik balandlikdan pastga tashlab yuborgan. Bu haqda “G1” kanali xabar berdi.
Fojia joriy yilning 13 iyun kuni San-Paulu shtatidagi “Skeleton Bridge” (Skelet ko‘prigi) deb nomlanuvchi ko‘prikda sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda qiz jarlikka tashlanayotgan paytda arqon yerda yotganini ko‘rish mumkin. Keyingi kadrlarda esa “Arqon, arqon!” degan baqiriqlar eshitiladi.
Fojiadan so‘ng kompaniyaning uch nafar xodimi qo‘lga olingan va ularga nisbatan ehtiyotsizlik ortidan odam o‘ldirish ayblovi qo‘yilgan. Ular voqea qanday sodir bo‘lganiga aniq javob bera olmagan.
“Ularning boshi qotib qolgan, chunki ular uzoq vaqtdan beri roup-jamping tashkil qilish bilan shug‘ullanib kelishgan”, deydi politsiya.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqeadan keyin gumonlanuvchilardan ikki nafari yaqin atrofdagi o‘rmonzor hududga yashirinishga uringan. Ularga 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi xavf solmoqda. Halok bo‘lgan qizning yaqinlari ularni qonunning eng qat’iy choralari bilan jazolashni so‘ragan.
“U yosh, hayotga to‘la edi va professionallarga ishongandi. Bu odamlar o‘zlarining mas’uliyatsizligi tufayli uni kelajagidan mahrum qilishdi”, deydi qizning otasi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikistonning Xo‘jand shahrida kuchli shamol oqibatida havo shari boshqaruvni yo‘qotib, uylarning tomiga qulagandi. Oqibatda uch kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi