Vazir Shermatov o‘qigan maktab 40 yil deganda zamonaviy ta’mirdan chiqdi (reportaj)
Jamiyat
−
13 Sentabr 2020
213642020/2021 o‘quv yili avvalidan poytaxt Toshkent shahrida 16 ta maktab kapital ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Ana shunday maktablardan biri Olmazor tumanida joylashgan 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabi. QALAMPIR.UZ kecha, 12 sentyabr kuni zamonaviy ko‘rinish kasb etgan yangi maktabning ochilish marosimida ishtirok etdi. Ahamiyatli jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov aynan shu maktabda o‘qigan. Marosimda maktabning sobiq o‘quvchisi Shermatov ham qatnashdi.
Maktab binosi 1980 yilda bunyod etilgan. O‘tgan 40 yil mobaynida u zamon talablariga javob bermay qolgandi. 2007 yilda birinchi marotaba to‘liq ta’mirlash dasturiga tushgan, biroq ta’mirlash ishlari oxiriga yetkazilmay, yarim-chala qolib ketgan.
Pandemiya bo‘lishiga qaramay, maktab ta’miri to‘xtab qolgani yo‘q. Aksincha, pudratchi tashkilotlar uni yangi o‘quv yiligi hozir qilib, topshirdilar.
Hozirgi kunda maktabda 1227 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ularga 69 nafar pedagog-o‘qituvlar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Maktabda 44 ta sinf xonasi bo‘lib, bundan 10 tasi maxsus xona hisoblanadi. Bu sinf xonalari kimyo, biologiya, fizika fanlarini o‘tishga mo‘ljallangan
Maktab ochilishida ishtirok etgan Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov ta’lim muassasasining yangi binosi bilan tanishdi.
“Ikki avval ko‘rgan bo‘lsangiz, maktab binosi juda qo‘rqinchli edi. O‘shanda Toshkent shahrida shunday bino borligini ko‘rib, hayron qolgandim. Viloyatlardagi ahvolni bundan og‘ir deyish mumkindir, ammo Toshkent shahrida shunday bino borligini ko‘rib, qo‘rqib ketgandim”, deydi Shermatov.
Vazirga ko‘ra, ayni vaqtda poytaxt Toshkentda 67 ta maktabda kapital ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Aynan poytaxtdagi 301 ta maktabdan bino jihatidan talabga javob beradigan 81 maktab kuniga 3 smenada o‘quvchilarni qabul qilgan. Ota-onalar farzandlarini o‘sha maktabga berishga harakat qilgan. 77 ta maktab esa avariyaviy holatda qolib ketavergan. Ularning ayrimlari 1200 nafar o‘quvchi qabul qilishga mo‘ljallangan bo‘lsa ham nobop sharoit sabab o‘quvchilar soni 600 nafarga tushib qolgan. Eskirib qolgan maktablarning binolarini ta’mirlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilarning malakasini oshirish orqali og‘ir ahvolga tushib qolgan maktablarning mavqei tiklanadi va o‘z-o‘zidan uzoq maktablarga borib o‘qiyotgan bolalar o‘z hududidagi zamonaviy maktabga qaytadi. Bu orqali 3 smenada bosim bilan ishlayotgan maktabda ham, yangi ta’mirdan chiqqan maktabda ham natijalar ko‘zga ko‘rina boshlaydi.
Bugungacha O‘zbekistondagi maktablar ta’mirlanishi bilan bog‘liq masalalarni maktab ishlariga bosh-qosh bo‘lgan Xalq ta’limi vazirligi emas, balki mahalliy hokimiyatlar, moliya bo‘limlari hal qilib qilib kelgan. Ikki o‘rtada dastur asosida yuqori idoralardan ajratilgan mablag‘lar maktablarga yetib kelguncha, “kalla” qilingan. Oqibatda maktabdagi kamomatga javob berish, pudratchi tashkilotning kam-ko‘stini yamab o‘tirish, go‘yo kapital ta’mirlangan maktabning hali tomini, hali polini, hal suv quvurlarini ta’mirlatish maktab rahbariyati gardanida qolib ketavergan. Pullarni talon-taroj qilish ortidan qanchadan qancha maktablarning isitish tizimi hamon talab darajasida ishlamaydi. Endi esa maktablarni ta’mirlatish bo‘yicha buyurtmachi funksiyasi Xalq ta’limi vazirligiga o‘tdi. To‘g‘ri-da, uyni qanday ta’mirlashni o‘sha xonadonning egasidan boshqa yana kim bilishi mumkin?! Xuddi shu ma’noda ta’lim muassasasi ta’mirini ham ma’orif xodimlariga qo‘yib bergan ma’qul degan qarorga kelindi.
“Bu yil maktab ta’mirlanishi sinov bo‘ldi. Maktablarni ta’mirlash buyurtmachi funksiyasi birinchi marta Xalq ta’limi vazirligiga o‘tdi. Shu vaqtga qadar bu funksiya hokimiyat qoshidagi injiniring kompaniyada bo‘lar edi. Shahar hokimi maktablarni o‘zingiz nazorat qilinglar degan masalani o‘rtaga qo‘ydilar. Hammamiz kelishib, bir to‘xtamga keldik va tajriba tariqasida maktablar ta’miriga buyurtmachi bo‘ldik. XTV huzuridagi injiniring kompaniya buyurtmasi asosida ta’mirlanayotgan maktablar yaxshi natija bermoqda, sifat jihatidan ham, ko‘rinish jihatidan ham natija yomon emas. Biz buni to‘liq o‘rganib olib boshqa hududlarda ham qo‘llashimiz mumkin. Hali ham joylarda ancha muammolarimiz bor”, deya ta’kidladi Shermatov.
Ta’kidlanishicha, bu maktab 1260 o‘quvchiga mo‘ljallangan. SSSR davrida unda deyarli 3 ming bola o‘qigan. Ikki yil oldingi tekshiruv natijalariga ko‘ra, maktabda 600-700 nafar bola o‘qishi va maktab to‘liq quvvatda ishlamayotgani ma’lum bo‘lgan.
Xalq ta’limi vazirining fikricha, eski bo‘lsada, baquvvat maktablarni ta’mirlash ancha qulay. Maktabni yangidan qurish mumkin, lekin pul ko‘p sarflanadi. Tayyor maktablarni kamroq pul sarflab, yangi qurilgan maktabning sifatidan kam bo‘lmaydigan tarzda ta’mirlash mumkin.
Zamonaviy ko‘rinish kasb etgan 22-maktabga videosayohatni yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, ertaga, 14 sentyabrdan boshlab O‘zbekistondagi 10 mingga yaqin maktablar ham onlayn, ham an’anaviy rejimda o‘z faoliyatini boshlaydi.
LiveBarchasi