Sportdan mansabdorlikkacha. O‘z hayotini hukumatga baxshida qilganlar

Tahlil

image

Sportchilik faoliyatida muvaffaqiyat qozongan va o‘z yurtini dunyoga tanitgan sportchilar kun kelib o‘z mamlakatining prezidenti, hukumat doirasidagi amalda faoliyat olib borgani haqida eshitganmisiz? QALAMPIR.UZ mana shunday sportchilar haqida maqola tayyorladi va kuzatuvchilarga taqdim etadi.

Jorj Vea

Afrikalik futbolchilar orasidagi yagona “Oltin to‘p” sohibi Jorj Vea futbolchilik faoliyati davomida “Monako”, PSJ, “Milan” kabi klublarda to‘p tepgan. Sportdagi erishgan muvaffaqiyatlaridan keyin u o‘z tug‘ilib o‘sgan yurti Liberiyaning prezidenti etib saylandi. Bu voqea Veaning faoliyati yakunlaganidan bir necha yillar o‘tib, ya’ni 2017 yildagi saylovda sodir bo‘lgan. Vea prezidentlikka kelgan paytda Liberiya iqtisodiy qiyinchiliklardan o‘tayotgan edi. U yangi yo‘llar qurish, maktab va shifoxonalarni modernizatsiya qilishni boshladi. “Pro-Poor Agenda for Prosperity and Development”, ya’ni “qashshoqlarga mo‘ljallangan taraqqiyot dasturi” deb nomlangan dastur ishlab chiqdi. Ta’lim sohasida esa davlat maktablarida o‘qishni bepul qilish tashabbusini ilgari surdi. Talabalar uchun shartli stipendiya dasturlarini joriy etdi. Shuncha yillik faoliyatdan keyin 2024 yilda Vea prezidentlik saylovi natijasiga ko‘ra lavozimini tark etdi.

Mixail Kavelashvili

Tanishing! Futbolchilik faoliyati davomida Rossiyaning “Alaniya” klubida o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov bilan birga to‘p tepgan amaldagi Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili. Kavelashvili, shuningdek, futbolchilik faoliyatida Angliyaning “Manchester Siti” klubi safida ham o‘ynagan. Sportdagi muvaffaqiyatlaridan keyin u o‘z yurti Gruziyada 2016 yilda mamlakat parlamenti deputati lavozimida ish yuritadi. Avvaliga hokimiyatdagi “Gruziya orzusi” partiyasi a’zosi bo‘lgan Kavelashvili keyinchalik muxolifatga o‘tgan va “Xalq kuchi” nomli yangi siyosiy harakatning yetakchilaridan biri bo‘ldi. Kavelashvili 2024 yilning 14 dekabrida bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, Gruziya Prezidenti etib saylandi. U yagona nomzod sifatida saylovda ishtirok etdi va 224 ta ovoz oldi. Kavelashvilining inauguratsiya marosimi 2024 yil 29 dekabr kuni parlament binosida bo‘lib o‘tdi. U shu kundan boshlab Gruziya tarixidagi 6-prezident sifatida faoliyatini boshladi.

Kaxaber Kaladze

Futbolchilik faoliyatida Italiyaning “Milan”i bilan ikki marta Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan Kaxaber Kaladze endilikda Gruziya poytaxti Tbilisi shahri meri hisoblanadi. Sportdagi faoliyatini yakunlagan Kaladze o‘z mamlakati hukumatida ish yurita boshladi. U 2012 yildan 2017 yilga qadar Gruziya Energetika vaziri va Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishladi. 2017 yilga kelib, Kaladze hozirgi lavozimiga, ya’ni Tbilisi shahri meri etib tayinlanadi. 

Vitaliy Klichko

Bokschilik faoliyatida og‘ir vazn toifasining mutlaq jahon chempioni bo‘lgan Vitaliy Klichko sportdagi muvaffaqiyatli karerasidan keyin o‘z yurti Ukrainada hukumat tizimida ish yurita boshladi. Klichko 2014 yildan beri Ukraina poytaxti Kiyev shahri meri hisoblanadi. Shuningdek, Klichko o‘zi tashkil qilgan partiya UDAR, ya’ni “Ukraїnskiy Demokratichniy Alyans za Reformi”ning rahbari hisoblanadi. 

Menni Pakyao

Boksdagi faoliyati davomida 8 vazn toifasida mutlaq jahon chempioni sifatida rekord qayd etgan Menni Pakyao sportdagi faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘z yurti Filippinda Senat a’zosiga aylandi va mamlakat siyosatida ham faollikni oshirdi. Hattoki, Pakyao 2022 yilda mamlakat prezidentligi uchun o‘z nomzodini ilgari surdi, ammo saylovda g‘alaba qozona olmadi. 

Arnold Shvarsenegger

Bodibilding bo‘yicha 7 karra “Mr. Olympia” nomini qo‘lga kiritgan sportchi va aktyor Arnold Shvarsenegger 2003 yilda Respublikachi partiyasidan nomzod bo‘lib, Kaliforniya shtati gubernatori etib saylangan. U bu lavozimda 2011 yilga qadar ishladi.

Kvatemok Blanko

Meksika futboli afsonasi bo‘lgan Kvatemok Blanko futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘z yurti Meksikada siyosiy faoliyatini yurita boshladi. U 2016 yildan 2018 yilga qadar Kuyernavaka shtati hokimi lavozimida ishladi. 2018 yildan hozirga qadar Blanko Morelos shtatining gubernatori hisoblanadi.

Pele

Futbol qiroli, Braziliya terma jamoasi bilan uch karra Jahon chempionatida zafar quchgan Pele futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin o‘z yurti Braziliyada siyosiy faoliyatini boshlagan. Pele 1995 yildan 1998 yilga qadar Braziliya Sport vaziri lavozimida ishlagan.

Romario

Braziliya futbolining yana bir afsonasi Romario 1994 yilda milliy terma jamoa bilan mundialda g‘olib chiqqan. Romario futbolchilik faoliyatini yakunlaganidan keyin 2011 yildan 2015 yilga qadar federal deputat, 2015 yildan hozirgacha Rio-de Janeyro senatori lavozimida faoliyat olib bormoqda.

Konor Makgregor

Ikki vazn toifasida sobiq UFC chempioni, zamonaviy aralash yakkakurashlar sport turi yulduzi Konor Makgregor sportdagi faoliyatini yakunlamasdan turib, siyosatga yaxshigina aralashmoqda. Yaqindagina u AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv chog‘ida Irlandiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Konor Makgregor Pele Vitaliy Klichko Menni Pak'yao Arnol'd Shvartsenegger Mixail Kavelashvili Jorj Vea Kaxaber Kaladze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing