Sport pasporti nima va u qaysi tashkilot tomonidan beriladi?

Sport

image

Sport pasporti yagona namunadagi hujjat bo‘lib, u sportchining ma’lum sport tashkilotiga mansubligi hamda uning malakasini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. 

Sportchilarning faoliyati, ularning tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonlari, terma jamoa tarkibida musobaqalarda ishtirok etishi, natijalari hamda muayyan sport tashkilotiga mansubligini qayd etish maqsadida 2015 yilning 4 sentyabrida imzolangan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq sport pasporti joriy etilgan.

Sport pasportini berish, yuritish, almashtirish va hisobga olish yagona tizimining amal qilish tartibini belgilash  “Sport pasporti to‘g‘risida”gi nizomga asosan (Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 22 noyabrda 2949 raqami bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) amalga oshiriladi.

Nizomga muvofiq, sport pasportini rasmiylashtirish, berish va hisobini yuritish hamda yagona axborot-ma’lumot tizimiga kiritish Turizm va sport vazirligining “Sport va turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi” davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu pasportdan sportchining bir jismoniy tarbiya va sport tashkilotidan boshqasiga o‘tishi, musobaqalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatga olinishi, tibbiy tekshiruvdan o‘tishi, unvonlar olish uchun zarur bo‘lgan normalar hamda talablarning bajarilishi va qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda foydalaniladi.

Uni yuritish orqali Respublika sportchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, faoliyati va erishgan natijalarining doimiy monitoringi ta’minlanadi.

Shuningdek, Prezidentning 2020 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5924-sonli farmonida sport pasportini berish orqali sportning ma’lum bir turi bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelayotgan va sport musobaqalarida doimiy ravishda ishtirok etuvchi sportchilarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish belgilab qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Turizm va sport vazirligi Passport Sport pasporti

Baholaganlar

29

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing