O‘q otish federatsiyasining Parij-2024 uchun rejalari ma’lum qilindi

Sport

image

Kecha, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Turizm va sport vazirligi o‘q otish federatsiyasi sportchi va murabbiylari bilan Xanchjou-2022 Osiyo va Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalarining muhokamasiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida 12 ta yo‘llanma bilan ishtirok etishni maqsad qilayotgani ma’lum qilindi. Ahamiyatlisi, uzoq tanaffusdan so‘ng, London-2012 Olimpiadasi ishtirokchisi Sakina Mamedovani ham Parij-2024 da’vogarlari qatorida ko‘rish mumkin. 

Qayd etish joiz, ushbu sport Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p medal va yo‘llanmalar o‘ynaladigan turlardan biri hisoblanadi. Shu bois MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov federatsiya litsenziatlar borasida yetakchi bo‘lishi lozimligini aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida ayni paytda hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar, ularni bartaraf etish uchun zarur choralar, barcha sportchilarni zamonaviy qurol va boshqa inventarlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbirda Shoabdurahmonovdan tashqari Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, sportning qishki va murakkab turlari bo‘yicha oliy sport mahorat maktabi vakili, federatsiya mutasaddilari va Parij-2024 Olimpiadasiga da’vogar sportchilar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Prezidentining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi.


 


Maqola muallifi

Teglar

Olimpiya qo'mitasi Turizm va sport vazirligi O'q otish federatsiyasi

Baholaganlar

5

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing