Spektakl davom etadi: Navoiyda o‘qituvchilar Vatanparvarlik ruhida paxta terimiga chiqqanini aytmoqda

Tahlil

Avvalroq, Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchilari majburiy mehnatga jalb etilib, paxta terimiga olib chiqilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edik. 

Bugun, 11 noyabr kuni QALAMPIR.UZ tahririyatiga ushbu maktab o‘qituvchilaridan videomurojaat yetib keldi. Unda o‘zini 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi  o‘qituvchilari deb tanishtirgan Munavvar Asadova, Gulmira To‘rayeva, Bahodir Qudratov o‘qituvchilar joriy yilning 27 oktyabr kuni paxta terimiga chiqqani va bunga ularni hech kimga majburlamagani, balki o‘z xohishi bilan Vatanparvarlik ruhida paxta tergani, bu haqida tilxat yozib berayotganda esa yonlarida maktab direktori bo‘lmaganini iddao qiladi.

“6 noyabrda berilgan xabarlarda “Buyog‘i endi odatiy spektakl bo‘ldi”, deb aytib o‘tilgan. Yuqori tashkilotlardan kelgan tekshiruvchilar bizdan anonim so‘rovnoma olganida, biz o‘z xohishimiz bilan paxtaga chiqqanimizni tasdiqlab yozdik. Internetdagi sahifalarda esa direktor bosimi ostida yozilgan deb aytib o‘tilgan. Ammo, biz yozayotganimizda direktor xonada yo‘q edi va bizga hech qanday bosim o‘tkazilgani yo‘q. Biz o‘z ixtiyorimiz bilan paxtaga chiqib, yakshanba kuni o‘z ixtiyorimiz bilan paxta terimiga chiqqanmiz. Ammo buni bo‘rttirib, yolg‘on-yashiq gaplar bilan internetga qanday maqsadda chiqarilganidan bexabarmiz”, deydi maktabda 2015 yildan buyon ishlab kelayotgan Munavvar Asadova. 

Sizningcha, ularning paxta terimiga chiqishi ortida nima turibdi. Javobni 2016 yildan buyon shu maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Gulmira To‘rayeva aytgan. Bu – Vatanparvarlik!

“Biz haqiqatan ham 27 oktyabrda paxtada qatnashgan edik. Dam olish kuni, hech kim majburlagan emas. Rahbariyat tomonidan bizlarga hech narsa deyilmagan. Vatanparvarlik ruhida paxtaga chiqqan edik. U yerda sizlarga berilgan ro‘yxat va 27 oktyabrdagi ko‘rsatilgan suratlar, hech qanday 5 noyabrda paxtada majburan rahbariyat tomonidan chiqarildi deganiga umuman aloqasi yo‘q. Bizlar 5 noyabrda maktabda edik. Bundan tashqari 27 oktyabrda tushgan suratlarning balandida qo‘yilgan sanasiga qarab ham aniqlashingiz mumkin”, deydi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi Gulmira To‘rayeva.

Videoda maktab direktori ishtirok etmagan. Oqlov jarayonida maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari qatnashgan. O‘zini Bahodir Qudratov deb tanishtirgan o‘qituvchi shunday deydi: 

“Maktab direktori tomonidan yakshanba va ta’til kunlari o‘qituvchilarning majburiy paxta yig‘im-terimiga chiqarish to‘g‘risidagi masalaga munosabat bildirmoqchiman. Maktabimiz o‘qituvchilari 27 oktyabr, yakshanba kuni o‘z xohishlari bilan paxta yig‘im-terimiga chiqqanlar. 5 noyabr kuni degan ma’lumot noto‘g‘ri. Chunki 5 noyabr kuni to‘liq maktabda bo‘lgan. Buni maktabda o‘rnatilgan kameralar isbotlaydi”.

27 oktyabrmi yo 5 noyabr – nima farqi bor? O‘qituvchilar paxtaga chiqqan! Faqat bir narsa mavhum. Ular paxta terimiga chiqishga majburlanganmi yo yo‘q? Agar ular o‘z xohishi bilan paxtaga chiqayotgan, qo‘shimcha mehnat bilan shug‘ullanib, daromad topayotgan bo‘lsa, ishdan tashqari vaqtida, ya’ni yakshanba kuni paxtaga chiqishi uchun nimaga direktorni ogohlantirishi kerak? Buning o‘zi spektakldek ko‘rinmayaptimi sizga? Vatanparvarlik ruhi degani nimasi? Asl Vatanparvarlik siz shu kuni oila a’zolaringiz davrasida bo‘lishingiz, farzandlaringiz bilan shug‘ullanishingiz, o‘quvchilaringizga qo‘shimcha vaqt ajratishingiz va jamiyatga ham ruhan, ham ma’nan, ham jismonan sog‘lom avlodni yetkazib berish emasmi? Qachongacha Vatanparvarlikni paxta yo obodonlashtirish bilan o‘lchaysiz. O‘z qadringizni bilmas ekansiz, bukilgan qaddingizni hech kim ko‘tara olmaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy Majburiy mehnat Paxta terimi

Baholaganlar

145

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing