Soy soyga oqar... Ortiqxo‘jayevning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligi urg‘ulandi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
10107Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga qarata aytgan tahdidli gaplari yozilgan audio bo‘yicha tekshiruv ishlarini yakunlab, bugun, 27 noyabr kuni bayonot berdi.
Bosh prokuratura bundan 10 kun avval respublikani jumbushga keltirgan ushbu voqeaning eng achinarli jihatini quyidagicha urg‘ulaydi.
“Mazkur holat ommaviy axborot vositalari, blogerlar, siyosiy partiyalar, eng achinarlisi, ayrim xorijiy ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlarning keskin tanqidiy muhokamalariga sabab bo‘ldi”.
Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatga huquqiy baho berish maqsadida JPKning 329-moddasiga asosan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Bayonotda Bosh prokuratura jurnalist qonunga xilof tarzda hokimning ovozini xufiyona yozib olganini aytadi. Janob Ortiqxo‘jayevning esa harakatlarida esa jinoyat alomatlarini payqamaydi. Bayonotning bu qismida shunday deyiladi:
“Tergovoldi tekshiruvida aniqlanishicha, Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat hokimiyati va boshqaruvi organi mansabdor shaxsi bo‘la turib, davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalariga rioya qilmasdan, haqoratli va qo‘pol so‘zlarni ishlatgan.
Biroq, uning nojo‘ya so‘zlari umumiy tarzda aytilgani, muayyan shaxsga qaratilmaganligi, real tahdid yo‘qligi bois, Jahongir Ortiqxo‘jayevning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas.
Shu sababli JPKning 83-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilindi”.