G‘arb uyg‘ondi: AQSH, Buyuk Britaniya, YeXHT Ortiqxo‘jayevning tahdidiga izoh talab qilyapti
Jamiyat
−
19 noyabr 2019
19049Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning jurnalistlarga qarata aytgan tahdidi audiosi nafaqat mamlakatda, balki dunyo hamjamiyatida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Audio tarqalganidan biroz vaqt o‘tib hokim Kun.uz tahririyati muxbirlariga tahdid qilgani ma’lum bo‘ldi va bu masala tomonlar o‘rtasida hal qilindi.
Biroq, vaziyatni kuzatib turgan G‘arb davlatlari va xalqaro tashkilotlarning OAV himoyasiga otlangan vakillari Ortiqxo‘jayevning audiosiga munosabat bildirmay qolmadi.
Dastlab, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining OAV erkinligi masalalari bo‘yicha vakili Arlem Dezir Twitter orqali munosabat bildirdi.
“O‘zbekistonda yuqori lavozimli amaldorning Kun.uz axborot agentligi jurnalistlariga tahdidlari haqidagi xabarlar meni xavotirga solmoqda. Prokuraturani ushbu masalaga tezkor munosabat bildirishga chaqiraman va umid qilamanki, ular vaziyatni sinchkovlik bilan o‘rganib, jurnalistlarning xavfsizligini ta’minlaydi”, dedi Arlem Dezir.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot esa Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan hech uchrashmagani, ammo uchrashgudek bo‘lsa, u bilan jurnalistlar xavfsizligi masalasini muhokama qilmoqchiligini bildirdi.
“Afsuski, men hali Toshkent hokimi bilan uchrashmaganman. Uning so‘nggi izohlari meni xavotirga solmoqda. Jurnalistlarning xavfsizligi OAV erkinligining asosiy prinsipidir. Buyuk Britaniya doim jurnalistlarning xavfsizligi va ommaviy axborot vositalarining erkinligini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlaydi. Uchrashganimizda ushbu masalani muhokama qilishni orziqib kutaman”, dedi elchi Twitter`dagi sahifasida.
AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi shahar hokimi Ortiqxo‘jayevning harakatlarini qoralab chiqdi.
“Amerika Qo‘shma Shtatlari #so‘zerkinligi va #izoherkinligini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi va erkin jamiyatda bu narsalar katta ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Biz jurnalist va blogerlarga qilinayotgan tahdidlarni qoralaymiz”, deyiladi elchixonaning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev jurnalistlarga tahdid qilish asnosida ularni gey deb e’lon qilishi va yo‘q qilib yuborish bilan qo‘rqitishga uringan.
LiveBarchasi