Sovuq qotish navbati Yevropagami? “Ko‘hna qit’a”da gaz narxi “osmonga chiqdi”
Olam
−
21 dekabr 2021
10551Tarixda birinchi marotaba Yevropada gaz yetkazib berish bo‘yicha yanvar fyucherslari narxi har ming kub metr uchun 2 000 dollardan oshdi. Bu haqda London ICE birjasi ma’lum qildi.
Bugun, 21 dekabr kuni savdo sessiyasi 1800 dollardan ochildi, keyin kun davomida tebranishlar kuzatildi va Toshkent vaqti bilan soat 16:53da narx 2004 dollarga yetdi. Bu bir kun oldingi hisob-kitobdan (1716,7 dollar) 16,7 foizga yuqori.
Aytish joizki, joriy yil bahorning ikkinchi yarmidan beri gaz narxi asta-sekin o‘sib kelmoqda, ammo kuzning boshida narx rekord darajaga ko‘tarildi. Keyinchalik esa bozorlarda narxlar pasayib ketdi.
Mutaxassislar narxlarning o‘zgarib turishini bir qancha omillar ta’siri bilan izohladilar: Yevropa yer osti omborlarining past bandlik darajasi, yirik yetkazib beruvchilar tomonidan taklifning kamayishi va Osiyoda suyultirilgan gazga yuqori talab.
Qayd etilishicha, kuzda “Shimoliy oqim 2” qurilishi yakunlangani ham ma’lum bo‘ldi, biroq quvur operatorini sertifikatlash kechikmoqda. Bu ham shartnomalarga ta’sir qiladi.
LiveBarchasi