Sovrin jamg‘armasi 750 ming dollarlik turnirda o‘zbek shaxmatchisi Karlsenni mag‘lub etdi
Sport
−
07 fevral 2025 12321 1 daqiqa
Bugun, 7 fevral kuni Germaniyaning Vayssenxaus shahrida shaxmat bo‘yicha nufuzli “Freestyle Chess Grand Slam” turniri start oldi.
Musobaqada ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov 5-turda norvegiyalik mashhur shaxmatchi Magnus Karlsenni qora donalarda mag‘lub etib, turnir peshqadamlaridan biriga aylanib oldi.
Hozirgacha Sindorov 5 ta imkoniyatda 4,5 ochko jamg‘argan. Amerikalik Fabiano Karuana ham xuddi shuncha ochkoga ega.
E’tiborlisi, Sindorov turnirning 4-turida hindistonlik amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan durang o‘ynadi.
Musobaqada Sindorovdan tashqari yana bir o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov ham ishtirok etmoqda. 5 ta turdan keyin Abdusattorov hisobida 2,5 ochko mavjud va hozirda Nodirbek turnir jadvalida 4-o‘rinda bormoqda.
Ma’lumot uchun, turnir bahslari 14 fevralga qadar davom etadi. Musobaqa sovrin jamg‘armasi 750 ming AQSH dollarini tashkil etadi.
Live
Barchasi