Sovet mafkurasi himoyachilaridan biri Ra’no Abdullayeva 89 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
13 yanvar
17263Bir vaqtlar O‘zbekiston SSR Kompartiyasi Markazqo‘mining mafkura masalalari bo‘yicha kotibi bo‘lgan Ra’no Abdullayeva 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
U 1935 yil 16 sentyabrda Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida tug‘ilgan. 1970−1987 yillarda Abdullayeva O‘zbekiston SSRda eng nufuzli shaxslardan biri hisoblangan.
1963−1971 yillarda O‘zbekiston komsomolining birinchi kotibi, so‘ngra O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, 1987 yilgacha O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining mafkura bo‘yicha kotibi lavozimlarida ishlagan.
Ra’no Abdullayeva akademik Habib Abdullayevning farzandi bo‘lgan.
Ra’no Abdullayeva nomini qator sovet mafkurasiga asoslangan tashabbuslar bilan bog‘lashadi. Jumladan, 1987 yilda partiya majlisida Navro‘z bayramini taqiqlash masalasi ko‘rilishi ham Abdullayevadan chiqqani aytiladi. O‘shanda Navro‘zni bekor qilib, uning o‘rniga 10 aprelni ko‘chat ekadigan “Navbahor” degan bayramga aylantirish taklif qilingan. Hattoki shu nomni dastaklash uchun Namanganning futbol jamoasiga ham “Navbahor” nomi berilgan. Uning nomi 1987 yilgacha “Avtomobilist” bo‘lgan. Darvoqe, 1990 yilda birinchi haj mavsumi uyushtirilganida Ra’no Abdullayeva birinchi hoji onalardan biriga aylangan.
O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron o‘zining 2003 yilda yozilgan “Unutmayman, unutolmayman” maqolasida keltirishicha, Ra’no Abdullayeva O‘zbekiston kompartiyasining mafkura tizimini boshqargan paytlari o‘zbek adiblarini, eng avvalo, Navro‘zni va ona tili maqomini tiklashga kirishgan yosh shoirlarga qarshi keskin kurash boshlagan, ularning to‘plamlarini nashriyotlar rejasidan o‘chirishga farmon bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Bedana" qo‘shig‘i bilan tanilgan, “Toshkent” guruhining xonandasi Baxtiyor Sultonov 60 yoshida vafot etgandi.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar