Sotib olinganiga 4 kun bo‘lgan 9 mln yevrolik yaxta cho‘kib ketdi (video)

Olam

image

Italiyaning Sardiniya shahri qirg‘oqlarida qiymati 9 million yevrodan ortiq bo‘lgan superyaxta yangi egasiga topshirilganidan bor-yo‘g‘i to‘rt kun o‘tib yong‘in sababli cho‘kib ketdi. Bu haqda “Il Messaggero” nashri xabar berdi.

Xabar qilinishicha, hodisa 30 metrlik Angiola II yaxtasi bilan yuz bergan. Voqea Kosta-Smeralda qirg‘oqlarida, Porto-Chervo yaqinida sodir bo‘lgan. Bortda to‘satdan yong‘in chiqqan va oradan ko‘p o‘tmay yaxta suv ostida qolgan.

Eng muhimi, fojia paytida bortda bo‘lgan barcha 14 kishi favqulodda xizmatlar tomonidan eson-omon qutqarib olingan. 

Angiola II yangi egasiga hodisadan bor-yo‘g‘i to‘rt kun avval topshirilgan. Yong‘indan jiddiy zarar ko‘rgan kemani keyinchalik shatakka olib, qirg‘oqqa yetkazish rejalashtirilgan. Favqulodda xizmatlar ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan so‘ng dengizga yoqilg‘i sizib chiqishi kuzatilmagan.

Yaxtani ishlab chiqargan Amer Yachts kompaniyasining ma’lum qilishicha, Angiola II 2020 yilda suvga tushirilgan. O‘shandan beri u bir necha bor egasini o‘zgartirgan.

Kompaniya vakillari kafolat muddati davomida yaxtaga texnik xizmat ko‘rsatish ularning nazorati ostida amalga oshirilganini qayd etgan.

“Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining xavfsiz qolganidan xursandmiz. Boshqalar qatori biz ham rasmiy tergov natijalarini kutmoqdamiz”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Hozirda yong‘in sabablarini va yaxta nega shunchalik qisqa vaqt ichida cho‘kib ketganini aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misrning Marsa al-Alam shahri yaqinida Qizil dengiz qirg‘og‘ida bortida 45 kishi bo‘lgan sayyohlik yaxtasi halokatga uchragan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing