Soliq qo‘mitasi migrantlar soliqqa tortilishini rad etdi

Jamiyat

image

Yodingizda bo‘lsa, joriy yilning 1 aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev:

“Birorta jismoniy shaxs o‘z daromadini kamaytirib, o‘zgartirib yoki soliqdan qochish imkoniyati bo‘lmaydigan tizimni yaratyapmiz. “...” Bu nafaqat O‘zbekistonda, chet elda olgan daromadlarini ham soliqqa tortish tizimini, ikki tomonlama soliqqa tortish – agar u davlatda soliqqa tortilgan bo‘lsa, agar O‘zbekiston rezidenti bo‘lsa, u O‘zbekistonda to‘lashi kerak, agar O‘zbekiston norezidenti u tomonda to‘lagan bo‘lsa biz uni inobatga olamiz. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra jismoniy shaxslarni ham to‘liq soliqqa tortish tizimini takomillashtirib, joyiga qo‘yamiz”, degan edi. 

Mirzayevning aytganlari ijtimoiy tarmoqlar, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalarida muhokamalarga sabab bo‘lib, endilikda O‘zbekiston xorijdagi migrantlarini ham soliqqa tortadi, deya anglashilishiga sabab bo‘ldi. Boisi Mirzayev so‘zlarida rezident va norezident tushunchalari, xorijdagi o‘zbekistonliklar deganda kimlar nazarda tutilayotganiga izoh bermagan edi. Davlat soliq qo‘mitasi esa migrantlarning soliqqa tortilishi sifatida tushunilayotgan ushbu fikrlarni izohlab, bunday reja mavjud emasligini ma’lum qildi. 

Soliq qo‘mitasi Matbuot kotibi Dildora Hoshimovaning QALAMPIR.UZ’ga bildirishicha, agar O‘zbekiston fuqarosi xorijda ishlagan bo‘lsa va u soliq norezidenti, deb tan olinsa (ya’ni yil davomida 183 kundan kam vaqt O‘zbekistonda bo‘lsa), u holda xorijda ishlab topgan daromadidan O‘zbekistonga qaytganidan keyin soliq to‘lamaydi. Chunki bunday daromad O‘zbekistondagi manbalardan olinmagan va Soliq kodeksining 364-moddasiga muvofiq, bunday daromadlarga soliq solinmaydi.

“O‘zbekiston fuqaroligi o‘z-o‘zidan soliq to‘lash majburiyatini keltirib chiqarmaydi. Bunga asosiy mezon – soliq rezidenti yoki norezidenti ekanligidir.

Agar O‘zbekiston fuqarosi xorijda ishlagan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda 12 oylik ketma-ket davr ichida 183 kundan ko‘proq bo‘lib, soliq rezidenti maqomini saqlab qolgan bo‘lsa, xorijda topgan daromadidan O‘zbekistonda soliq to‘laydi. Lekin bunda ham agar o‘sha daromaddan xorijda soliq to‘langan bo‘lsa qaytadan to‘lamaydi, uni hisobga olish huquqiga ega bo‘ladi (Soliq kodeksining 399- va 400-moddalari asosida). 

Bundan kelib chiqadiki, xorijiy davlat bilan ikki yoqlama soliq solishni oldini olish to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma asosida xorijda to‘langan soliq O‘zbekistonda hisobga olinadi va bu daromadlar O‘zbekistonda soliqqa tortilmaydi”, deydi Soliq qo‘mitasi vakili Dildora Hoshimova.


Maqola muallifi

Teglar

Soliq qo'mitasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing