Soliqchilar QQSni qaytarishda sovuq suvni ham puflab ichyapti – Sherzod Qudbiyev

Jamiyat

image

32 ta soliq idorasi xodimi qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berishdagi xatolar va poraxo‘rlik ortidan jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda kecha, 28 iyul kuni Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda so‘z ochdi.

Muloqot davomida logistika kompaniyasi egalaridan biri joriy yilning fevral oyidab beri 750 mln so‘mlik QQSni qaytarib ololmayotganidan shikoyat qildi. Bunga javoban esa Sherzod Qudbiyev bu jarayon “og‘ir” ekanini aytib, 32 ta soliq idorasi xodimi xatosi sabab jinoiy javobgarlikka tortilganini aytdi.

“Bu og‘ir masala. Byudjetni pulini noto‘gri qaytarib bersa qamaladi. Mana 32 ta soliq idorasi xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi. Aynan shu qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berishdagi ayrim xatolari, ayrimlari esa poraxo‘rligi evaziga”, dedi Qudbiyev.

Shuningdek, u ushbu jarayonda soliq idorasi xodimlarining ehtiyotkorligini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Shuning uchun ular QQSni qaytarishda sovuq suvni puflab ichayapti. Muzlatgichdagi suvni olib, puflab, yana qo‘shnisiga bu suvni sovuqligi to‘g‘risida ma’lumotnoma ber deyapti”, deydi u.

Muloqot davomida Sherzod Qudbiyev tadbirkorga reytingini AAAga chiqarishni taklif qilib, bunda QQS soliq idorasi o‘rganishisiz qaytarilishini aytib o‘tdi. Tadbirkor esa bunga javoban reyting AAAga ko‘tarilsa, orqasidan tekshirish kelishini aytdi.

“AAAga tushsangiz orqasidan “kameral” (tekshirish) kelarkan”, deydi tadbirkor.

Biroq Qudbiyev tadbirkorning bu gapiga qo‘shilmasiligni aytib, O‘zbekiston Respublikasining normativ hujjatlari ustidan kulmasligini aytdi.

“Soliq idorasida 9300 ta odam ishlaydi. Davlat xizmati bir tomondan nazorat qiluvchi organ, ikkinchi tomondan og‘ir peshona ter bilan ishlaydi. Agar reyting AAA bo‘lsa, hech kim tizimda tekshirishga buyruq chiqara olmaydi. AAA reytingiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan tekshirishga buyruq soliq organlarining dasturlarida shakllanmaydi. Shunday tizim o‘rnatilgan”, deydi Soliq qo‘mitasi raisi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘i stavkalari 2028 yil 1 yanvargacha oshirilmasligi belgilangandi.


Maqola muallifi

Teglar

QQS Sherzod Qudbiev qo'shilgan qiymat solig'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing