Soliqchi kanalda cho‘kayotgan o‘quvchini qutqarib qoldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 22 noyabr kuni Buxoroda Davlat soliq inspeksiyasi xodimi cho‘kayotgan bolani qutqarib qoldi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.

22 noyabr kuni soat 15:30 lar atrofida Buxoro viloyati Romitan tumani DSI inspektori Sunnat Jumayev hamkasbi Husniddin Xayriddinov bilan tumanning “Alisher Navoiy” MFY hududiga jismoniy shaxslarning soliq qarzini undirish uchun borgan.

DSI xodimlari “Xayrobod” kanali yonidan o‘tib ketayotganlarida cho‘kayotgan yosh bolani ko‘rib qolgan. Sunnat Jumayev zudlik bilan mashinani to‘xtatib, hech ikkilanmay yordam berish maqsadida o‘zini suvga otgan. Havo harorati -2 daraja bo‘lishiga qaramay, Jumayev cho‘kayotgan bolani qutqarib qolgan.

Kanal atrofida yig‘ilgan aholi vakillari bolani tanib, zudlik bilan kiyimini almashtirish va isinib olishi uchun uyiga olib ketgan.

Aniqlanishicha, qutqarib qolingan bola Shahrombek Zaripov bo‘lib, u Romitan tumanidagi 1-sonli umumta’lim maktabining 3-sinfida o‘qiydi. O‘sha kuni u o‘qishdan qaytayotgan mahal suv solingan idishi (termosi)ni to‘satdan kanalga tushirib yuborgan. Uni olish ilinjida bola tez oqayotgan, past haroratli suvga tushib, to‘g‘ri harakatlana olmagan.

Hozirda bola o‘zini yaxshi his qilib, sog‘lig‘iga hech qanday zarar yetmagan. Uning yaqinlari Jumayevga minnatdorlik bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Buxoro cho'kish

Baholaganlar

121

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing