Sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiya ortsa ortganki, kamaymagan
Jamiyat
−
05 aprel 2022
8934O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasini korrupsiyadan xoli tizimga aylantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilganiga qaramasdan, ushbu soha hamon korrupsiya botqog‘iligicha bo‘lib qolmoqda. Bu haqda bugun, 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida aytildi, deb xabar bermoqda yig‘ilishda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri.
Yig‘ilishda Kengash raisi Tanzila Norboyevaning ta’kidlashicha, sog‘liqni saqlash sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha ishlar boshlanganiga qaramay korrupsiyaviy jinoyatlar soni o‘sgan.
“Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida so‘nggi ikki yilda 732 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Xususan, agar 2020 yilda 302 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 430 nafarga yetgan”, deydi Norboyeva.
Qayd etilishicha, tizimdagi kamchiliklarni aholi fikrini o‘rganish natijalaridan ham ko‘rish mumkin.
Masalan, “Ijtimoiy fikr” markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda respondentlarning 35 foizidan ortig‘i sog‘liqni saqlash sohasini mamlakatda davlat va jamiyat hayotining korrupsiyaga eng ko‘p duchor bo‘lgan ikki sohadan (ta’lim va sog‘liqni saqlash) biri sifatida qayd etgan.
Shu bilan birga, sohaga oid qonunchilik hujjatlari korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganda 70 ta hujjatning 13 tasida (19 foizi) 41 ta korrupsiyaviy omil mavjudligi aniqlangan.
“Sog‘liqni saqlash sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ning ijrosida ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Uning ijrosi tahlil qilinganda, belgilangan vazifalarning 44 foizi bajarilmaganligi aniqlandi”, deydi Kengash raisi Tanzila Norboyeva.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligining komplayens, ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish va qonun hujjatlarining ijrosi bo‘yicha 395 ta davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 59 mlrd so‘mdan ortiq miqdordagi moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan, davlat byudjetiga yetkazilgan 9 mlrd so‘mlik zarar undirilgan.
LiveBarchasi