Superliga o‘yinlari nega kech boshlanmoqda, yoxud PFL va PFLdagilar muammosi
Sport
−
06 mart 2019
5570Bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston futbol Assotsatsiyasi va Professional futbol ligasi tashkiloti hamkorligida “O‘zbek futbolini rivojlantirishning bugungi holati: yutuq va muammolar” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda QALAMPIR.UZ tomonidan O‘zbekiston Superligasining bu mavsumi kutilganidan ham juda kech boshlanayotganligini dolzarb muammolardan biri sifatida ko‘tarildi.
Futbol mavsumining kech boshlanishiga tashkilotdagilar sabab sifatida Superligadagi bir qator klublarning o‘z vaqtida mavsumga tayyor bo‘lmaganliklarini ko‘rsatib o‘tishdi. Mutasaddilarning fikricha, PFLga shunchaki nomigagina o‘tkaziladigan chempionat kerak emas. Tashkilotning qilayotgan ishi professional nomiga munosib bo‘lmog‘i zarurligini ta’kidlashdi.
PFL maslahatchisi Diyor Imomxo‘jayev QALAMPIR.UZ ga fikrlarini bildirar ekan: “Kerak bo‘lsa PFL bu mavsumni qurbon qilishga tayyor. Ya’niki, biz har bir klubning mavsum avvalida to‘liq tayyor holatda yo‘lga chiqishini xohlaymiz. Biz istalgan paytda chempionatni boshlayveramiz lekin mavsum o‘rtasiga kelib klublarda muammolar boshlanadi. Birida maydonning holati bo‘yicha muammo, yana birida oylik-maosh bo‘yicha muammo kabilar. Bu aslida hamma ko‘rib, bilib turgan muammolar. Aslida esa jamoadagi bir qator muammolar oldida bular juda kichik. Viloyatlarda klub akademiyalari ishi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Ayyollar jamoasi, futzal jamoasi, “Yoshlar ligasi” uchun jamoalar tuzib chiqilmagan. Mana chempionatning ilk turi 8 martda start olishi kerak lekin ayrim jamoalarning hali formasi ham tayyor emas”, deydi QALAMPIR.UZ uchun maxsus intervyusida.
Shu o‘rinda odamni o‘ylantiradigan savol vujudga keladi. O‘zbekistonda oxirgi chempionat 2018 yilning noyabr oyi oxirida yakunlangan edi. Xo‘sh PFL hozirgacha o‘tgan uch yarim oy ichida nahotki klublarni tayyor holatga keltira olmadi? Bu savolga esa har kuni kechki o‘n ikki – birgacha ishlashayotganini iddao qilayotgan mutasaddilardan arzirli javob ololmadik.
LiveBarchasi