Sodiq Safoyev yakkamoxovlik, Yaqin Sharqdagi hodisalarning O‘zbekistonga ta’siri haqida

Jamiyat

image

O‘zbekiston rahbariyati birinchi bor dunyodagi xavflar va ularning mamlakat sarhadlarigacha yaqin kelib qolayotgani haqida bu yil gapirdi. Davlat rahbarining joriy yilning 21 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida so‘z olib, Yaqin Sharqda bo‘layotgan voqea-hodisalarning shamoli O‘zbekistonga yetib kelayotgani, qurolli to‘qnashuvlar chegaralargacha yaqinlashayotgani haqida gapirgan edi. 

Xo‘sh, bugun dunyoda ahvol qanday? Madaniyat, san’at, turizm, investitsiya deb bor urilgani bilan dunyoning xoli ko‘zni kattaroq ochib qaraganda kundek rashvanlashadi. Aytaylik, koronavirusning o‘zi har qanday quroldan kuchli kelib, ham qirg‘inga sabab bo‘lmoqda, ham iqtisodning tomorini qirqmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev dunyoda kechayotgan bugungi jarayonlar haqida shunday deydi: 

“Tashqi siyosatning, O‘zbekiston diplomatiyasining bugungi ahvoli yutuqlari va istiqbollari haqida gapirganimizda, biz doim bir narsani esda tutishimiz kerak. Har bir davlatni, jamiyatni, shu jumladan uning tashqi siyosatini alohida ko‘rib bo‘lmaydi. Bu umumiy jarayonning bir qismi. Ya’ni siyosatshunoslarning iborasi bilan aytganda, kontekstda ko‘ra bilish kerak. 

Bugungi dunyoni notinch dunyo, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Ko‘pincha buni anglamayapmiz, ko‘rmayapmiz. Dunyoda bo‘layotgan jarayonlarga biz befarq bo‘lolmaymiz va shuni inobatga olgan holda biz o‘z siyosatimizni qura bilishimiz kerak. Qisqa qilib aytganda, bugungi dunyo globallashuvni boshdan kechirmoqda. Biz xohlaymizmi, xohlamaymizmi bu ob’ektiv jarayon. Uni na bekor qilib va na to‘xtatib bo‘ladi. Bu insoniyat tarixan yetib kelgan jarayon. 

Bu katta imkoniyatlarni yaratadi. Kapital, ishchi kuchi, tovarlarning harakati, integratsiyani talab qiladi. Globallashuvning eng muhim talablaridan biri xalqaro bog‘liqlik. Kim shuni anglasa, o‘sha mamlakatlar yutib chiqadi. Kim o‘zini chetlatib, yakkamoxov bo‘lib qolsa, hech qachon u o‘z maqsadlariga erisha olmaydi. Ochiqlik – bu bugungi kundagi muvaffaqiyatning garovidir. Ochiqlik deganda, savdoga, informatsion almashinuvga, muloqotga ochiqlik nazarda tutilyapti. Albatta, investitsiyalar ham shuning bir qismi. Investitsiyalar – ochiqlikning oqibati, hosilasi”. 

Globallashuvning salbiy oqibatlaridan biri sifatida ayni kunlarda koronavirusning butun dunyoga quloch yozayotganini ko‘rish mumkin. 2019 yil oxirida Xitoydagi provinsiyada tarqalgan virus bugun O‘zbekiston chegarasi – qo‘shni mamlakatlargacha yetib keldi. Undan zararlanganlar 81 mingdan ortiq. Qurbonlar esa 2771 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda gapirarkan, Sodiq Safoyev shunday deydi: 

“Shuni ham bilamizki, globallashuv nafaqat imkoniyatlar, balki tahdidlar ham. Chunki, mamlakatlarning o‘zaro bog‘liqligi shundaki, bir tahdid bir hudud yo bir mamlakatning adadlari bilan cheklana olmaydi. Bugungi kunda har bir muammo ertami yo kech, albatta, qo‘ni davlatlarga, mintaqaga va butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. 

Masalan, xalqaro terrorizm. Ilgari xalqaro emas, terrorizmning o‘zi bo‘lardi. Chunki bu bir mamlakatning o‘zida bo‘ladigan jarayon edi. Bugun xalqaro deyishimizga sabab, uni moliyalashtiradigan kuchlar boshqa joyda, o‘qitadigan lagerlar boshqa joyda, amal qiladigani esa butun dunyo bo‘lib qolyapti. 2010 yildan 2019 yilgacha terroristik xurujlardan yiliga o‘rtacha 21 ming kishi halok bo‘lgan. Birgina 2014 yilda deyarli 50 ming kishi terrorizm qurboni bo‘lgan. Tendensiya shuni ko‘rsatyaptiki, u tobora ortib bormoqda. Bo‘layotgan mojarolarning mashtabi va ta’siri bitta mamlakat bilan chegaralanayotgani yo‘q. Yaqin Sharqdagi hodisalarni kuzatib turibmiz. 2019 yildagi oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘oniston, Suriya va Shimoliy Afrika mamlakatlarida 335 ming kishi qurbon bo‘lgan. Bu yirik urushlarda ham bo‘lmagan talafotlarni ko‘rsatmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonni bezovta qilayotgan masala esa, albatta, ularning ta’siri. Biz ko‘rib turibmizki, yirik kuchlar o‘rtasida tanglik bor. Qarama-qarshilik ko‘paymoqda. Bu esa jahon iqtisodiyotining rivojiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Butun dunyoda 2019 yildagi iqtisodiy o‘sish suratlari oxirgi 10 yil ichidagi eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Bu esa O‘zbekistonga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmaydi”. 

 


Maqola muallifi

Teglar

Sodiq Safoev

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing