Sobira. Qatag‘onga uchrab, ruhiy kasalikka chalingan birinchi o‘zbek ayol jurnalisti mash’um hayoti
Bu qiziq
−
19 fevral 2022
194841937 yilning qorong‘i tunlarining biri. Turkistonda minglab insonlarning boshlari kesilib, odamlar qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan vaqt. Mahalla boshida qora avtomobil ko‘rindi. Xalq uni “O‘lim mashinasi” deb atar edi.
1937-1938 yillarda bu “O‘lim mashinasi” millatimizning minglab aql egalarini olib ketgan. Ularning ko‘pi qorong‘i qamoqxonalarda ming xil qiynoqlarga solinib, sudsiz, so‘roqsiz otib tashlandi. Ayrimlari esa eng sovuq yerlarga surgun qilindi. Eng achinarlisi, mana shu badnom etilganlar orasida nozik xilqat vakillari ham bor edi. Bugun mana shunday taqdir sohibasi, birinchi o‘zbek jurnalist ayoli Sobira Xoldorovaning baxtsiz qismati haqida so‘z yuritamiz.
Baxtsiz bolalik
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayevning ma’lumot bericha, Sobira Xoldorova 1907 yilda, hunarmandlar makoni bo‘lmish Namanganning Chust shahrida, kambag‘al dehqon oilasida dunyoga kelgan. 1911 yilda uning otasi kutilmaganda vafot etadi. Sobira o‘shanda endigina besh bahorni ko‘rgan edi. Shundan so‘ng, u onasi Komila aya bilan tog‘asining uyiga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ladi.
1918 yil Turkistonda boshlangan talato‘plarda Sobiraning tog‘asi halok bo‘ldi. Sobira va onasi yana ko‘chlarini yig‘ishtirib, Qo‘qondagi uzoq qarindoshnikiga yo‘l oladi. Qo‘qonda yosh Sobirani o‘zidan ancha katta bo‘lgan kishiga turmushga berishdi. Biroq, u bu nikohni tan olmadi. Shunda, Sobiraning eri uni och qoldirib, molxonaga qamab qo‘ydi. Bir muncha vaqt tutqunlikda qolgan Sobira, bir ilojini qilib bo‘lsa ham qochish yo‘lini izladi. Nihoyat, u molxona tirqishidan chiqib, qochib ketdi.
Jurnalistlik faoliyat
Sobira zolimning qo‘lidan qochib, ko‘chada yig‘lab ketayotganida uni militsiya xodimlari ushlab oladi. Ular Sobirani Qo‘qondagi 5-sonli internat maktabiga topshiradi. Qizidan xavotir olgan Komila aya, uni qidirishga chiqadi. Tez orada, ona o‘z qizini topadi va o‘sha internat maktabiga ishga kiradi.
Sobira Xoldorova internat maktabida o‘qib, ilm oldi. U o‘qishni davom ettirish maqsadida, 1923 yil Toshkentga keldi. Bu yerda ikki yil davomida ayollar ma’orif institutida tahsil oldi. O‘qir ekan, u “Yangi yo‘l” gazetasiga ishga kirdi. 1925 yilda bu gazeta jurnalga aylantirildi. Sobira “Yangi yo‘l” jurnalining birinchi muharririga aylandi. U 1925 yilning iyul oyida eng nufuzli “Qizil O‘zbekiston” gazetasida bo‘lim mudiri lavozimini egalladi.
1926-1929 yillarda Sobira Xoldorova Moskvadagi jurnalistika institutida tahsil oldi. U Moskvada bo‘lgan vaqtda Said Ahmad Nazirov bilan oila quradi. Bir yil o‘tib, ularning o‘g‘li Murodjon dunyoga keladi.
1929 yil avgustda oyida Sobira Xoldorova O‘rta Osiyo Respublikalari mahalliy millatlari ayollaridan chiqqan birinchi jurnalist sifatida diplomni qo‘lga kiritadi. Biroq, bu xursandchilik unga tatimadi. O‘sha yili uning turmush o‘rtog‘i Said Ahmad Nazirov Munavvar qori ishi bo‘yicha qo‘lga olindi. Uzoq tergov jarayonidan so‘ng, u otib tashlandi. Sobira qo‘lida yosh o‘g‘li ko‘targancha ko‘zida yosh bilan Vatanga qaytdi.
O‘zbekistonga qaytgan Sobira Xoldorova ish izlaydi. 1930 yilning fevral oyida Samarqandga borib, “Ishchi” gazetasida muharrir o‘rinbosari lavozimida ish boshlaydi. 1931 yilda O‘zbekiston SSR poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko‘chiriladi. Sobira ham Toshkentga ketadi. U dastlab, O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining nashr xodimi bo‘lib ishladi. 1932 yilda Sobira o‘zining tirishqoqligi va bilimi bilan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasida ikkinchi kotib yordamchisi lavozimiga ko‘tariladi. U Mo‘min Usmonov bilan Stalinning “Lelinizm” kitobini o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Taqdir taqozosi bilan Sobira Mo‘min Usmonov bilan oila quradi.
Sobira Xoldorovani yaxshi tanigan Jahon Obidova u haqda shunday yozadi:
“Bir gal Akmal Ikromovning qaysi mavzuda ma’ruza qilishi haqida bahslashib qoldik va o‘sha vaqtdagi dolzarb vazifalardan kelib chiqib, o‘z takliflarimizni aytdik. Ammo Akmal Ikromov Sobira aytgan mavzuda nutq tayyorlaganini aytdi. Ha, Sobira siyosatni nihoyatda chuqur anglar va juda ilg‘or fikrli insonlardan edi”.
Qamoq
Sobira Xoldorova 1934 yildan 1936 yilgacha Toshkent shahar Lenin tuman partiya qo‘mitasida kotibi lavozimida ishladi. Yosh jurnalist ayolning hayotida hammasi ko‘ngildagidek ketayotgan edi. Biroq, Sobiraning boshiga yana qora bulutlar yog‘ildi. Dastlab, 1937 yilning avgust oyida uning eri Mo‘min Usmonov qamoqqa olindi. Shundan so‘ng, Sobira Xoldorova yolg‘on ayblovlar bilan partiyadan haydaldi.
1937 yil 20 sentyabr kuni O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi Sobira Xoldorovani qamoqqa olish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlaydi. 22 sentyabr kuni olingan order asosida Toshkent shahar Frunze ko‘chasida joylashgan Sobiraning uyi tintuv qilinadi. Tintuv jarayonida Sobira Xoldorova “Xalq dushmani” sifatida qo‘lga olinib, uydagi barcha narsa tashqariga uloqtiriladi. O‘sha vaqtda, uning 12 yoshli Po‘latjon va 5 yoshli Manzura ismli farzandi bor edi. Ular mehribonlik uyiga topshiriladi.
Surgun
Qo‘lga olingan Sobira bir necha kun qorong‘i qamoqda saqlanadi. Shundan so‘ng, u tergov qilinadi. Sobira Xoldorova o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad etadi. Bundan tashqari, u o‘z turmush o‘rtog‘i Mo‘min Usmonovni, Akmal Ikromov va Davlat Rizayevning hech qanday aybi yo‘q ekanligini tergovchilarga aytadi. Bu gaplar tergovchilarning jig‘iga tegadi. G‘azablangan tergovchi, uni bir necha kun uyqusiz, ovqatsiz, suvsiz tik turishga majbur qiladi. Tergov jarayonida Sobira tinimsiz kaltaklanadi. Buning oqibatida, u aqlini yo‘qotdi.
Zuhra Tursunxo‘jayeva o‘zining xotira daftarida, Sobira Xoldorovaning tergovdan keyingi holati bo‘yicha shunday yozadi:
“Bir necha kun yo‘q bo‘lib qolgan Sobirani, yarim o‘lik holatda kameraga sudrab olib kelishdi. Men uni yaxshi taniganim uchun uning oldiga bordim. Sobiraning ko‘krak qismidan, to tomog‘igacha qorayib ketgan edi. U xushsiz uxlab yotgandi. Biz uni uyg‘onishini kutdik. Sobira ikki sutkadan ortiq vaqt davomida behush yotdi. Uyg‘ongach, bizga teskari qarab, goh kulib, goh yig‘lar edi. Shunda bildikki, Sobira aqlini yo‘qotgan”.
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayevning ma’lumot bericha, aqlini yo‘qotgan Sobira Xoldorova o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan oladi va oq qog‘ozga qo‘l qo‘yib beradi. 1939 yil 29 mart kuni Sobira Xoldorovaning ayblov bayonnomasi tasdiqlanib, u O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 63 va 67-moddalari bilan aybdor deb topiladi. 1940 yil 5 dekabr kuni Sobira Xoldorovaning ishi mashhur “Uchlik” (1937 yilda Sovet Ittifoqi Ichki ishlar vazirlining respublika va viloyat bo‘limlari huzurida “antisovet unsurlarini” repressiya qilish bo‘yicha tuzilgan qatag‘on organi) tomonidan ko‘rib chiqiladi. U 10 yil muddatga, eng chekka Yoqustondagi mehnat tuzatish lageriga surgun qilinadi.
Oqlanish
1942 yilda Sobira Xoldorova aqlini yo‘qotgani tufayli surgundan qaytib keldi. U tinimsiz Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining birinchi kotibi Nikita Sergeyevich Xrushyov nomiga ariza yozib, o‘ziga qilingan zulm va haqsizlik haqida shikoyat qildi. Sobira Xoldorova yozgan xatlar besamar ketmadi. 1956 yil 22 iyun kuni Sobiraning ishi Turkiston harbiy okrugi harbiy tribunali tomonidan qayta ko‘rib chiqildi va u oqlandi. O‘sha yilning noyabr oyida Sobira Xoldorovaga o‘zining va turmush o‘rtog‘ining oqlangani haqida maktub keladi. Biroq, bu paytda u tergovda orttirib olgan og‘ir kasali bilan kurashayotgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sobira Xoldorovaning katta farzandi Po‘latjon ikkinchi jahon urushida qatnashib, jarohat olib, ortga qaytgan. U vatanga qaytgach, oila qurib Temur, Saida va Komil ismli uchta farzandni voyaga yetkazgan. Sobiraning kichik farzandi Manzura esa yadro fizika bo‘yicha tahsil olib, fizika-matematika fanlari doktori bo‘lib yetishgan.
Sobira Xoldorovaning boshida hayotning ayovsiz kaltaklari sindi. Uning gullagan yoshlik davri hazon qilindi. Shunday bo‘lsada, Sobira ortga chekinmadi. O‘ziga qo‘yilgan ayblovlar aslida tuhmat va bo‘hton bo‘lganini isbotladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Sobira Xoldorova 1984 yilda vafot egan.
LiveBarchasi