Sobiq prezidentning bolalari hukumatni jinoyatchilikda aybladi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning farzandlari mamlakatning amaldagi hukumatini jinoyatchilikda aybladi. Bu haqda ular o‘zlarining Instagram sahifasida yozdi. 

Jumladan, Atamboyevning o‘g‘li Qodir Atamboyev o‘zi bilan bir qatorda onasi, opasi hamda boshqa yaqinlari uyidan tashqariga uloqtirilganini ma’lum qilar ekan, uyiga kelgan hamda ushbu ishlarni amalga oshirgan rasmiylarning harakatlarini noqonuniy deb atadi.

Kichik Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, 13 sentyabr kuni Qo‘y-Toshdagi qarorgohga formadagi odamlar kelgan, ularning soni taxminan 100 kishi bo‘lgan. Ular sud qarorini taqdim etmagan.

“Hatto ko‘chirish bo‘yicha sud jarayoni ham bo‘lib o‘tmadi. Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari voqea joyida bo‘lib, qarindoshlarimizning mashinasini kutishimizga, hatto uy hayvonimizni (mushuk) olib ketishimizga ham ruxsat bermay, tunda hududni piyoda tark etishga majbur qildi. Bizga tahdid qilishdi va “konteynerda yashash” kabi sha’nimizni kamsituvchi so‘zlarni aytishdi”, deydi u.

Uning yozishicha, ko‘chirish paytida nafaqat xavfsizlik kuchlari qatnashgan, balki Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti ma’muriyati rahbari Qanibek Tumonboyev ham u yerda bo‘lgan. Qarorgohga kirish uchun qo‘shnisining panjarasidan oshib o‘tish kerak edi. Sobiq siyosatchining o‘g‘liga ko‘ra, Tumonboyev xavfsizlik xizmatini bunga jalb qilgan.

“Bularning barchasi dam olish kuni va hech qanday hujjatsiz, dalolatnomasiz va hokazolarsiz sodir bo‘ldi. Bizning narsalarimiz ko‘chaga tashlandi, uy-ro‘zg‘or buyumlarining bir qismi sindirildi. Sud ijrochisining har qanday qarori, harakati va ko‘chirish bo‘yicha sud jarayoni ustidan shikoyat qilish mumkin. Bizni hatto bu huquqdan, sudga berish huquqidan ham mahrum qilishdi”, deya yozadi u.

Qodir Atamboyev ba’zilar uchun qiymat oltin, pul, samolyotlar, qimmatbaho kurtkalar va boshqalar bo‘lsa, Atambayevlar oilasi uchun asosiysi xalq bilan qolish ekanini aytgan.

“Ha, bizni uyimizdan haydashmoqda va yagona uyimiz vayron bo‘lmoqda, ammo bu muammo faqat bizdami? Butun mamlakatda hujjatlari bor qonuniy uylar buzilmoqda. Huquqsizlik hukm surayotgan bugungi kunda xalq bilan birga bo‘lish, ularning dardini baham ko‘rish biz uchun sharafdir”, deydi u.

U otasining mulki Akayev davrida ham, Bakiyev davrida ham, Sooranbay Jeenbekov davrida ham tortib olingani va bu hozir ham davom etayotganini ta’kidlagan. Kichik Atamboyev buni otasi 1990 yillarda, Gorbachyov va SSSR davrida yirik tadbirkorga aylagani bilan izohladi.

“U ko‘pchilikka o‘xshab davlat lavozimlarida ishlamadi va boyib ketish uchun xazinani o‘g‘irlamadi, hammamizni halol va odobli bo‘lishga o‘rgatdi. U har doim bizga sharaf – dunyodagi hamma narsadan muhimroq ekanligini aytdi. Otam bizga yaxshi ta’lim, to‘g‘ri tarbiya berdi – buning uchun otamizdan minnatdormiz. Ha, otam menga kvartira, mashina yoki pul qoldirmadi, lekin mening dadam dunyodagi eng zo‘ri! Bizda boylik yo‘q, lekin men Atamboyevning o‘g‘liman, ko‘chada boshimni baland ko‘tarib yuraman, qirg‘iz xalqi bizga bir oiladek munosabatda. Bu har qanday oddiy odam uchun asosiy narsa”, deydi u.

Atamboyevning o‘g‘li agar taqdir unga barcha prezidentlarning farzandlari: Aydar Akayev, Maksim Bakiyev, Rustam Japarov yoki Taymuras Tashiyevning roli va lavozimini tanlashni nasib etsa ham u yana o‘zining vaziyatini tanlashni afzal bilishini aytgan.

Atamboyevning qizi Aliya Shagiyeva esa oila a’zolarining uyidan haydab chiqarilgan kunni mag‘lubiyat emas, amaldagi Prezident Sadir Japarov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev va ularning jinoiy guruhlarining sharmandalik kuni ekanini aytgan.

“Sudning tugashini kutmasdan, ular o‘zlarining qudratli, qasoskor va jazosizligini namoyish etishni xohladi. Ular ko‘p odamlarning ko‘ziga tushdi. Endi ko‘proq odamlar qonun – ular uchun hech narsa emasligini va ular faqat jinoyat olami tilida gaplashishlarini biladi. Ammo ular hamma narsani iloji boricha iflos va kamsituvchi harakatlar bilan qildi, butun bir qo‘shin bilan ogohlantirmasdan paydo bo‘lishdi va bizni yomg‘irda ulkan tog‘lar orasida narsalarimiz bilan ko‘chada qoldirishdi”, degan u.

Qirg‘izistonga 2011-2017 yillarda rahbarlik qilgan Atamboyev 2019 yilning 8 avgust kuni Chuy viloyatining Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi qarorgohida deyarli bir kun davom etgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi. Unga qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan va maxsus bo‘linmaning bir zobiti operatsiya davomida halok bo‘lgan. To‘qnashuv vaqtida 100 dan ortiq odam, jumladan, politsiyachilar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

Sobiq prezident hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillik, qotillikka urinish, shuningdek, garovga olishni tashkil etish, Bishkek Issiqlik elektr stansiyasini rekonstruksiya qilishdagi korrupsiya, Bishkekdagi “Forum” sanoat guruhi binosi bilan noqonuniy bitim tuzish, Qo‘y-Tosh qishlog‘i va Issiqko‘l viloyatidagi yer uchastkalarini noqonuniy egallab olish ayblovlari qo‘yilgan.

Sobiq davlat rahbari 2020 yil yozida 11 yil-u 2 oyga qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Keyinchalik Atamboyevga qo‘yilgan ba’zi ayblovlar olib tashlangan, 2022 yil iyunida esa u 2020 yil oktyabr oyida Bishkekda ommaviy tartibsizliklar uyushtirganlikda ayblanib, oqlangan edi.

Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Sobiq prezident

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing