Sobiq prezident pensiyasi yetmayotganidan shikoyat qildi

Olam

image

Polshaning sobiq prezidenti Lex Valensa pensiyasi kamligidan shikoyat qildi. Bu haqda u “O2” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

1990-1995 yillarda Polsha prezidenti bo‘lgan Valensa prezidentlik pensiyasini oladi. Uning miqdori amaldagi davlat rahbari maoshining 75 foizini yoki joriy kurs bo‘yicha oyiga taxminan 3770 dollarni tashkil etadi.

“Pensiyamdan mamnunmanmi? Agar shunday bo‘lganida, men qo‘ziqorin terishga yoki baliq oviga borgan bo‘lardim, lekin men hali ham dunyo bo‘ylab yurib, ishlayapman”, deydi Valensa.

U pensiyasining katta qismini “yashash xarajatlari, tibbiy xizmat va kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash” uchun sarflashga majbur ekanini tushuntirgan.

Prezidentlik pensiyasidan tashqari, Valensa Ijtimoiy sug‘urta boshqarmasidan umumiy asoslarda yana bir pensiya olish huquqiga ega, biroq prinsipial ravishda uni olmaydi.

“Men 20 yildan beri bu pensiyani olmayman. Bir tiyin ham. Chunki Polsha – kambag‘al”, deydi sobiq prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi “eng kambag‘al sobiq prezident” sifatida eslanadigan Urugvayning sobiq rahbari (2010-2015) Xose Muxika 89 yoshida vafot etgandi. Muxika o‘zining kamtarona turmush tarzi uchun aynan shunday laqab olgan. U prezidentlik davrida Montevideo yaqinidagi oilaviy fermada yashagan va deyarli butun maoshini xayriya ishlariga bergan. 2014 yilda unga 1987 yilda ishlab chiqarilgan Volkswagen Beetle’ni 1 million dollarga sotishni taklif qilishgan, biroq Muxika rad javobini bergan. Senatdan ketgach, u senatorning nafaqasini ham rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pol'sha Sobiq prezident Lex Valensa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing