Sobiq Prezident Jeenbekov nima bilan band? U katta siyosatga qaytadimi?

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Sooronbay Jeenbekov tomonidan jamoat fondi tashkil etildi. Bu haqda sobiq davlat rahbarining Facebook'dagi rasmiy sahifasida xabar berilgan. 

Ta’kidlanishicha, fond jamiyatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini oshirishga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatni rivojlantirishga qaratilgan ijodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. 

Fond faoliyati mamlakat uchun ijtimoiy, madaniy, xayriya va boshqa foydali ishlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. 

Qayd etilishicha, sobiq Prezidentning jamoat fondi 2020 yil dekabr oyining boshlarida Qirg‘iziston adliya organlarida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Avvalroq, Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevning Jeenbekovga nisbatan qilgan eng katta xatolari haqida ma’lumot bergandik. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari o‘tkazilgandi. Ammo odamlar uning natijasidan norozi bo‘lib, namoyish uyushtirdi. Natijada mamlakatda tartibsizlik va talonchilik avj oldi.

Namoyishlar oqibatida mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov va Prezident Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi.

Taloto‘plar vaqtida qamoqdan chiqarilgan Sadir Japarov Bosh vazir etib tayinlandi va keyinroq Prezident vakolatlarini bajarish ham vaqtincha unga o‘tdi. Biroq u prezidentlik saylovlarida qatnashish uchun barcha lavozimlarni tark etdi.

Qirg‘izistondagi muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari 2021 yil 10 yanvarga belgilangan.

Jeenbekov siyosatdan kelishuv va murosa bilan ketdi. U o‘zida sobiq Prezident maqomini saqlab qoldi. Va Qirg‘iziston tarixida bu maqomni o‘zida saqlab qolgan birinchi Prezident bo‘ldi. 

Mamlakat Bosh vaziri – Prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sadir Japarov Sooronbay Jeenbekovning maqomi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

"Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti faoliyatining kafolatlari va Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti maqomi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, Qirg‘iziston Respublikasining sobiq Prezidenti Sooronbay Jeenbekov qonunda nazarda tutilgan barcha huquqlarni o‘zida saqlab qoladi.

Farmon imzolangan paytdan boshlab kuchga kiradi. Xususan, Jeenbekov umrbod davlat muhofazasiga, 1-sonli "Ala-Archa" davlat qarorgohi hududida yashash huquqiga, xizmat avtomashinasiga va maxsus klinikada bepul tibbiy yordam olishga ega bo‘ladi. Sobiq prezidentning maqomiga ko‘ra, uni sudga jalb qilish mumkin emas. Buni faqat parlament qarori bilan bekor qilish mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, bugungacha Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti lavozimida faoliyat yuritgan barcha sobiq rahbarlar – Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Almazbek Atamboyev sobiq Prezident maqomi va daxlsizlikdan mahrum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Sooranbay Jeenbekov

Baholaganlar

669

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing