Sobiq Prezident o‘tirgan qamoqxona kaliti sotuvga qo‘yildi
Olam
−
25 dekabr 2021
16411Janubiy Afrikaning sobiq Prezidenti Nelson Mandela umrining 18 yilini o‘tkazgan Robben orolidagi qamoqxona kamerasining kaliti Nyu-Yorkdagi Gernsi auksioni tomonidan 2022 yil yanvar oyida sotuvga qo‘yiladi.
Kalitni sotuvchi esa Janubiy Afrikadagi o‘sha mashhur qamoqxonaning sobiq qo‘riqchisi Kristo Brand ekanligi aytilmoqda.
Janubiy Afrika hukumati kalit sotuvga qo‘yiladigan auksionni to‘xtatishni talab qilmoqda. Mamlakat Madaniyat vaziri Nathi Mtxetvaga ko‘ra, ushbu masalada hukumat bilan hech qanday kelishuv amalga oshirilmagan.
“Kalit – butun Janubiy Afrika xalqining milliy boyligidir. U qandaydir bir insonning shaxsiy buyumi emas”, deya ta’kidlagan vazir.
Nyu-Yorkdagi Gernsi auksionining ma’lum qilishicha, 2022 yil 28 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan kimoshdi savdosi Nelson Mandela nomiga memorial bog‘ barpo etish va uning muzeyini ochish uchun tashkil etilmoqda.
Auksionda qamoqxona kalitidan tashqari, Mandelaga tegishli yana bir nechta noyob buyumlar ham o‘rin olgan. Sotuvga qo‘yiladigan buyumlar orasida sobiq mahbusning qalamiga mansub Robben orolidagi mayoq surati, mashq velosipedi va qamoqxona tennis raketkasi ham bor.
Demokratiya timsoli va Janubiy Afrikada milliy qahramon sanalgan Mandela umrining 27 yilini qamoqda o‘tkazgan. Robben orolidagi qamoqxonada esa u 18 yil o‘tirgan. Hozirda kalitga egalik qilayotgan Kristo Brand oroldagi qamoqxonada qo‘riqchilik qilgan davrida Mandela bilan yaqin do‘st bo‘lib qolgan.
Mandela 1990 yilda Janubiy Afrikada kuchli irqiy segregatsiyaning zaiflashishi ortidan qamoqdan ozod etilgan. Xalq mehrini qozongan sobiq mahbus 1994 yilda mamlakatning birinchi qora tanli prezidenti etib saylangan.
U mamlakatni faqat bir marta 1999 yilgacha boshqargan. Nelson Mandela 2013 yil 95 yoshda olamdan o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Mandelaning tug‘ilgan kuni sharafiga, 2009 yil 18 iyul kunidan boshlab AQSHda Xalqaro Nelson Mandela kuni nishonlab kelinadi. U insonlarning dunyoni o‘zgartirish kuchiga ega ekanligi haqidagi g‘oyalar, millatlar erkinligi va demokratiya nishonlanadigan kun sifatida tarixga kirgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi