Sobiq gubernator Trampni Voldemortga qiyosladi

Olam

image

Nyu-Jersi shtatining sobiq gubernatori Kris Kristi AQSHning sobiq prezidenti Donald Trampni “Garri Potter” asaridagi yovuz qahramon – Voldemortga qiyosladi. Bu haqda u kecha, 6 dekabr kuni “Newsnation” tomonidan efirga uzatilgan Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodlarning to‘rtinchi debatida so‘z ochdi.

Debatda Kristi bilan birga Respublikachilardan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlar – Florida gubernatori Ron DeSantis, biznesmen Vivek Ramasvami va AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli ishtirok etdi. 

So‘rovnomalarga ko‘ra, birinchilikni hech kimga bermay kelayotgan Donald Tramp esa bu gal ham debatda qatnashmagan. 

“Bu yerga chiqishga jur’at etmagan beshinchi odam so‘rovnomada peshqadamlik qilmoqda. Ayni vaqtda bu uchlik (Kristining debatdagi raqiblari) Voldemort bilan raqobatlashayotganga o‘xshaydi. Ular bu haqda gapirishni xohlamaydi ", deydi Nyu-Jersining sobiq gubernatori.

Kristi o‘z nutqida Trampni diktator va bezori, prezident bo‘lishga noloyiq odam deb atagan.

Shuningdek, u HAMAS tomonidan garovga olingan amerikaliklarni ozod qilish uchun AQSH Qurolli kuchlarini Falastin-Isroil mojaro hududiga yuborishga tayyorligini ma’lum qildi. 

"Agar menga ularni u yerdan xavfsiz olib chiqishimiz mumkinligini isbotlovchi reja berilsa, men Amerika armiyasini odamlarimizni olib chiqib, uylariga olib kelish uchun yuborardim", degan u.

Debatda qatnashgan yana bir nomzod DeSantis esa Isroilning G‘azodagi amaliyotini qo‘llab-quvvatlab, Isroilni “AQSHning eng ishonchli ittifoqchisi” deb atadi.

U, shuningdek, hozirgi ma’muriyatni muzlatilgan Eron pullarini "eritgani" uchun tanqid qildi. Uning fikricha, Eron hozirda bu aktivlardan HAMASni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanmoqda.

Florida gubernatorini AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikiya Xeyli ham qo‘llab-quvvatladi.

Ma’lumot uchun, britaniyalik yozuvchi J.K. Roulingning sehrgar Garri Potter haqidagi yetti jildli kitoblari 1997 yildan 2007 yilgacha nashr etilgan. 80 dan ortiq tilda nashr etilgan kitoblarning umumiy tiraji 500 million nusxadan oshadi. 2001 yildan 2011 yilgacha Roulingning yetti asari asosida Garri Potter va uning do‘stlari haqida sakkizta film suratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Kris Kristi Donal'd Tram Voldemort

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing