Sobiq deputat Qobul Dusov ham qidiruvga berildimi?
3-sahifa
−
11 avgust 2023
22083Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq deputat Qobul Dusov qidiruvga berilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov bilan bog‘landi.
Matbuot kotibining ma’lum qilishicha, bularning barchasi Dusov Facebook sahifasida o‘zining “qidiruvga berilgani” haqidagi sarkastik postni qoldirganidan boshlangan.
“Biri post qoldirgan, qolganlar hayp qilish uchun tarqatib yuborgan. Ayrim Telegram-kanallar ham bu xabarni chiqargan”, deydi G‘iyosov.
U, shuningdek, yana bir sobiq deputat Rasul Kusherboyev Dusovning IIV bazasida qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatida ekani haqidagi postni o‘z Telegram-kanaliga joylagani va bu ham ushbu xabarning yanada kengroq tarqalishiga sabab bo‘lganini aytib o‘tdi.
Dusov Facebook'da “Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasini deb” o‘zining bir yildan buyon qidiruvda ekanini ta’kidlagan. U, shuningdek, sobiq Attestatsiya markazining o‘tgan yili bergan da’vosi bo‘yicha IIV va Chirchiq IIBga advokati Obid Jo‘raboyev bilan kirib chiqqanini ham yozgan.
“Muammo yo‘q edi, tergovchi chaqirgan vaqtda Toshkentdan advokatim bilan bir necha bor bordim va uning vaqti bo‘lmadi biz bilan ko‘rishishga. Bugun esa shu ish bo‘yicha bir yildan beri qidiruvda ekanman... O‘zim ham bilmabman qidiruvdaligimni. Iltimos, meni IIBga topib bering. Manzilim Toshkonning kindigida”, deb yozadi u.
Keyinroq o‘chirib yuborilgan ushbu postda yozganlari bo‘yicha uning o‘zidan izoh olish maqsadida Dusov bilan aloqaga chiqdik. Sobiq deputatning aytishicha, bunda anglashilmovchilik yuz bergan va ayni paytda uning advokati bu bo‘yicha ish olib bormoqda.
“Advokatim IIB xodimlari bilan gaplashdi: qidiruvda emas ekanman, ish joyimdaman. Hozirda hammasi joyida xavotir olganlarga rahmat!”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik ikki bloger Sherali Komilov hamda “Sanjar Xo‘ja” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Ikromov qidiruvga berilgani ma’lum qilingan edi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi