Buxoroda qidiruvga berilgan qashqadaryolik haker Toshkentda qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Apple Nasiya” va “Halol Nasiya Savdo” nomlari ostida faoliyat yuritgan shaxs Buxoroda qidiruvga berilgan edi. U Toshkentda qo‘lga olindi. Gumonlanuvchi ushbu profillar orqali 50 ga yaqin fuqaroni aldagan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan R.Q. axborot texnologiyalaridan foydalangan holda firibgarlik sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Tezkor tadbir doirasida olib borilgan qidiruv ishlari natijasida u Toshkent shahrining Uchtepa tumani hududida yashirinib yurgan vaqtida qo‘lga olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uning yonidan olingan Redmi 12 Pro rusumli mobil telefon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, qurilma ichida “Apple Nasiya” va “Halol Nasiya Savdo” nomli profillar aniqlangan hamda ular ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, mazkur profillar orqali 50 ga yaqin fuqaro firibgarlik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “b” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi tergov organlaridan yashiringani sababli Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan qidiruv e’lon qilingan va unga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchining boshqa ehtimoliy jabrlanuvchilari aniqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida qariyb 97 ming AQSH dollari bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing