Sobiq Buxoro tumani hokimi qamoqqa olindi
3-sahifa
−
19 dekabr 2023
10560Sobiq Buxoro tumani hokimi Xayrullo Jo‘rayev qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat sudlari ma’lum qildi.
Sobiq Buxoro tumani hokimi Xayrullo Jo‘rayev Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi, 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandi, 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) 1-qismi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilingan. U Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi (ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining joriy yilning 16 dekabrdagi ajrimi bilan Buxoro viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosarining iltimosnomasi qanoatlantirilib, gumon qilinuvchi Xayrullo Jo‘rayevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, Xayrullo Jo‘rayev 2020 yil dekabr oyida Buxoro tumaniga hokim etib tayinlangan. U hokim bo‘lgunga qadar “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasi rahbari vazifasida ishlab kelgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar jalb qilishni yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishda Buxoro tuman hokimi Xayrullo Jo‘rayevni lavozimidan ozod qilish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
LiveBarchasi