Sobiq bosh vazirning o‘g‘li hibsga olindi
Olam
−
10 avgust 9584 2 daqiqa
Armaniston sobiq bosh vaziri Ovik Abramyanning o‘g‘li, sobiq deputat va Artashat shahri sobiq meri Argam Abramyan ruhoniyni yollanma qotillik asosida o‘ldirishga undashda ayblanib, ikki oyga hibsga olindi. Bu haqda “Armenian Report” xabar berdi.
Armaniston Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Abramyan rafiqasini “Yevangelist e’tiqoddagi xristianlar” diniy tashkiloti ruhoniysi S.V. bilan yaqin munosabatda bo‘lganidan shubhalangan. Shuningdek, ayol ruhoniyga katta miqdorda pul bergani aytilmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Abramyan qasos olish maqsadida qotillikni o‘z qo‘riqchisi G.X. ga buyurgan. Qo‘riqchi u bilan moliyaviy va shaxsiy jihatdan bog‘liq bo‘lgan. 2023 yil 30 aprel kuni u Yerevandagi Myasnikyan prospektida ruhoniyni otib o‘ldirgan.
Taxminiy ijrochiga qotillik va qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Uning ishi 2024 yil aprel oyida sudga yuborilgan. Advokati esa himoyasidagi shaxs aybini tan olmasligini va Abramyanning jinoyatga aloqadorligini tasdiqlovchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri dalillar yo‘qligini bildirgan.
Qayd etilishicha, Abramyan joriy yilning 8 avgust kuni Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Mamlakat ombudsmani Anait Manasyan esa Tergov qo‘mitasini ish ishtirokchilarining shaxsiy va oilaviy hayotiga oid ma’lumotlarni e’lon qilgani hamda o‘ldirilgan ruhoniyning diniy mansubligini tilga olgani uchun tanqid qilgan.
Argam Abramyan Rossiyaparast “Gullab-yashnayotgan Armaniston” partiyasi rahbari va tadbirkor Gagik Sarukyanning qizi bilan turmush qurgan. Sarukyan ham iyul oyidan buyon yirik miqdordagi firibgarlikni tashkil etish va pul yuvishda ayblanib, hibsda saqlanmoqda.
Nashrning yozishicha, sud Sarukyanning sement va konyak ishlab chiqaruvchi korxonalarini davlat boshqaruviga o‘tkazgan. Uning partiyasi iyun oyidagi parlament saylovlarida 3,9893 foiz ovoz olib, 4 foizlik saylov chegarasidan o‘ta olmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Norvegiya valiahd malikasi Mette-Maritning o‘g‘li Marius Borg Xyoybi bir nechta jinoyatlar, jumladan, zo‘rlashda aybdor deb topilib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Live
Barchasi