Sobiq bosh prokuror 80 yoshida vafot etdi
Olam
−
09:23 5862 2 daqiqa
Qirg‘izistonning sobiq bosh prokurori, davlat arbobi va III chaqiriq Jogorku Kenesh deputati Qambarali Qong‘antiyev kecha, 31 iyul kuni 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qambarali Qong‘antiyev 1947 yil 1 yanvarda Jalolobod viloyatining Mayluu-Suu shahrida tug‘ilgan. U 1974 yilda Qirg‘iz davlat universitetining yuridik fakultetini tamomlagan.
U mehnat faoliyatining katta qismini prokuratura organlarida o‘tkazgan. Issiqko‘l viloyati prokuraturasi katta tergovchisi va Prjevalsk shahri prokuroridan tortib Qirg‘iz SSR prokurorining o‘rinbosari lavozimigacha ko‘tarilgan. Keyinchalik Bishkek prokuraturasida ham mas’ul vazifalarda ishlagan.
Kongantiyev Qirg‘iziston moliya politsiyasini tashkil etishda ham ishtirok etgan. Yangi tuzilgan idorada tergov yo‘nalishiga rahbarlik qilib, iqtisodiy va moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish tizimini shakllantirishga hissa qo‘shgan.
Uzoq yillar Jogorku Kenesh apparatida yuridik bo‘lim mudiri sifatida faoliyat yuritib, qonun ijodkorligi jarayonini huquqiy jihatdan ta’minlash bilan shug‘ullangan. 2005 yil mart oyida III chaqiriq Jogorku Kenesh deputati etib saylangan Qong‘antiyev parlamentda konstitutsiyaviy qonunchilik, davlat tuzilishi, qonuniylik, sud-huquq islohoti va inson huquqlari, shuningdek parlament ishini tashkil etish, reglament va deputatlik etikasi bo‘yicha qo‘mitalarga rahbarlik qilgan.
2005 yil noyabridan 2007 yil martigacha Qirg‘iziston Bosh prokurori lavozimida ishlagan. Keyinchalik prezident va hukumatning Jogorku Keneshdagi vakili, davlat rahbarining maslahatchisi hamda “Ota-Yurt” partiyasi siyosiy kengashi a’zosi bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, marhum bilan vidolashuv marosimi ertaga, 2 avgust kuni soat 9:30 da Bosh prokuratura binosida bo‘lib o‘tadi. U “Ola-Archa” davlat tarixiy-memorial qabristoniga dafn etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonning Mehnat va ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha sobiq vaziri Ulug‘bek Qo‘chqorov AQSHda kurerlik qilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Live
Barchasi