Sobiq Afg‘oniston va “Tolibon” siyosatida qanday farqlar bor?

Intervyu

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ayni paytdagi diplomatik vaziyatni qanday izohlash mumkin? Tan olinmagan hukumat va davom etayotgan aloqalar: Afg‘onistonning sobiq hukumati va ayni paytdagi muvaqqat hukumat “Tolibon” o‘rtasida qanday farqlar bor? O‘zbekiston uchun qaysi hukumat bilan ishlash osonroq edi? Mazkur savollarga javob olish uchun QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Ergashevga mikrofon tutdi.

“Diplomatik munosabatlarimiz to‘g‘risida aytadigan bo‘lsak, biz bugungi kunda de-fakto hukumatni hali rasmiy tan olganimiz yo‘q. Bu, albatta, jahon hamjamiyati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan kelishilgan holda qabul qilinadi. Buning uchun xalqaro hamjamiyatning bugungi Afg‘oniston muvaqqat hukumatiga o‘ziga yarasha talablari bor va mana shu talablarni ular amalda bajarilishini so‘rashyapti. Hozirgi kunda ba’zi masalalarda kichkina bo‘lsa ham ijobiy o‘zgarish bor, lekin hali yuz foiz bu talablar amalda amalga oshirilmagan”, dedi Ergashev.

BMT yaqinda Afg‘onistondagi ayollar ahvoli haqida hisobot e’lon qildi. Unga ko‘ra, “Tolibon”ning so‘nggi uch yilda chiqargan farmonlari, ko‘rsatmalari va amaliyotlari ayollarni Afg‘oniston ijtimoiy hayoti va rahbarlik lavozimlaridan deyarli barcha sohalardan tizimli ravishda chiqarib yuborishga qaratilgan. BMTning hisobotiga ko‘ra, ayollarning jamiyatdan va qizlarning deyarli to‘liq chiqarib yuborilishi ustma-ust kelayotgan iqtisodiy va gumanitar inqirozlar bilan birgalikda aksariyat afg‘onlarning turmush sharoitlarining keskin yomonlashuviga olib kelayotganini ta’kidlagan. Ammo “Tolibon” hukumati bu iddaolarni keskin rad etib chiqdi va BMTni propaganda asoslanganlikda aybladi.

Xo‘sh, umuman olganda, “Tolibon” va Afg‘onistonning sobiq hukumatining tashqi va ichki siyosatida qanday farqlar bor? 

“Men ularni solishtirishni istamasdim. Endi agar ikki hukumat haqida gapiradigan bo‘lsak: oldingi jumhuriyat rejimi bu asosan G‘arb mamlakatlari bilan yaqindan hamkorlik qiladigan va G‘arb mamlakatlarining moliyaviy yordamiga tayangan hukumat edi. Shu bilan birgalikda eng muhim jihati, bu rejim paytida mamlakatda katta xorijiy harbiy kuchlar bor edi.

Bugungi kunda Tolibon hukumati yakkaxon hukumatga egalik qilmoqda va mamlakatdan xorijiy harbiy kuchlar chiqib ketgan. Shu bilan birgalikda biron bir katta donor mamlakatlar hukumatning faoliyatini ta’minlash uchun yordam berayotgani yo‘q, ya’ni moliyaviy yordam kelmayapti. Bugungi de-fakto muvaqqat Afg‘oniston hukumati o‘z oldidagi turgan vazifalarni mustaqil o‘zi hal qilib kelmoqda. Unga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar, shu jumladan, O‘zbekiston bu mamlakat bilan yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini saqlash, rivojlantirish va mamlakatda tinchlikni ta’minlash uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, albatta, do‘st birodar bo‘lgan afg‘on xalqini og‘ir kunda qo‘llab-quvvatlash maqsadida iqtisodiy-savdo hamkorligimizni yil sayin kengaytirib va rivojlantirib bormoqda”, dedi u.

Ammo Afg‘onistonning ikki hukumati davrida ham ishlagan O‘zbekiston diplomati qaysi hukumat bilan ishlash unga oson kechgani haqida gapirmadi, chunki hamma bilan qanday bo‘lsa, shunday kelishishingiz kerak. 

“Biz bugungi Afg‘onistondagi hukumat bilan hamkorlik qilamiz va bu hamkorligimiz juda keng qamrovli. Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas, chunki biz asrlar davomida yonma-yon yashab kelayotgan va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini doimo saqlab kelayotgan xalqlarmiz”, dedi O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Tolibon Ismatilla Ergashev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing