Maqsad jiddiy: yangi partiya tuzmoqchi bo‘lgan Otajonov Adliya vazirligiga keldi

Jamiyat

image

Avvalroq sobiq xonanda Jahongir Otajonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik. U bugun, 26 yanvar kuni yangi “Xalq manfaatlari” demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga tashrif buyurdi.

“Mana bugun “Xalq manfaatlari” demokratik partiyamizning qurultoyini o‘tkazish uchun partiyamiz tashabbuskorlari bilan Adliya vazirligiga tashrif buyurdik. Ishlarimizni bitirib chiqib, yana sizlar bilan xabarlashamiz”, deydi Jahongir Otajonov o‘z videomurojaatida.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, Jahongir Otajonov yangi partiya tuzish maqsadida Adliya vazirligiga haqiqatan ham kelgan. Lekin partiya tuzishning ham o‘ziga yarasha talablari bor.

“Jahongir Otajonov yangi partiya tuzish maqsadida Adliya vazirligiga tashrif buyurdi. Lekin partiya tuzishning ham o‘z talablari bor. Qonunchilikka ko‘ra, ushbu partiyani kamida 20 ming odam qo‘llab-quvvatlab, imzolashi kerak. Uning murojaati o‘rganib chiqiladi va jamoatchilikka alohida ma’lumot taqdim etiladi”, deydi O‘rinboyeva.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Otajonov o‘zining ikkinchi murojaatida Prezidentlarning lyuks saroylarda yashashi tarafdori emasligini ta’kidlagandi.

“Yana aytaman: Prezident bo‘lish bu baxt emas. Prezident – bu xuddi “kolxoz”ning raisi emas, davlatning raisi. Prezident o‘z fuqarolarining erkinligini ta’minlay oladigan, Konstitutsiyani tan oladigan bo‘lishi kerak. Prezidentlik yo‘llarni yopib qo‘yib ishga borib kelish emas. Barcha Prezidentlar shunaqa: lyuks avtomobillarda yuradi, lyuks saroylarda yashaydi. Balki, bu standartdir, men bu narsani bilmayman va tarafdori ham emasman. Mening xalqqa xizmat qilish niyatim bor. Chunki ko‘ryapmiz, bazi hududlarda xalqimiz qiynalib yashayapti. Balki, men ham Prezident bo‘lib hammaning hayotini yaxshilashga ulgurmasman, lekin mening niyatim shu”, degandi Otajonov.

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, unda Prezidentdan o‘zini tuman hokimi qilib tayinlashni so‘ragandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1386

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing