Slovakiyada tezyurar poyezdlar to‘qnashib ketdi (video)

Olam

image

Bugun, 13 oktyabr kuni Slovakiya sharqida tezyurar poyezdlar to‘qnashdi. Hodisa oqibatida 20 kishi jarohatlangan, ikki nafar yo‘lovchining ahvoli og‘ir. Bu haqda Favqulodda xizmatga tayanib, “Tasr” xabar berdi.

Qayd etilishicha, halokat Rojnyava tumani, Yablonov-nad-Turnou qishlog‘i yaqinida, Koshitsedan taxminan 55 km g‘arbda sodir bo‘lgan. Politsiya ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan kadrlarda dahshatli manzaralar aks etgan. Xususan, poyezdlar relsdan chiqib ketganini, tibbiy xodimlar yo‘lovchilarga yordam berayotganini ko‘rish mumkin. TV Markiza kanali ma’lumotiga ko‘ra, Zvolen va Kositsa o‘rtasida harakat qilgan ikkita poyezdda taxminan 80-100 yo‘lovchi bo‘lgan.

Mamlakat Ichki ishlar vaziri Matush Shutay-Eshtokga ko‘ra, ikki yo‘lovchi og‘ir ahvolda, yana uch kishi vayronalar ostida qolgan. 

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bu transport hodisasi inson xatosi tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin”, deydi u. 

Vazir, shuningdek, lokomotivchilardan biri boshqasiga yo‘l bermagan bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Transport vaziri Yozef Raj voqea joyiga yetib borgan. Bosh vazir Robert Fitso esa xulosalar chiqarilishidan oldin to‘liq tergov o‘tkazishni talab qilgan.

Slovakiya qutqaruv xizmati hodisa joyiga bir necha vertolyot, yong‘in-xizmatlari jamoalari va tez tibbiy yordam brigadalarini yuborgan. Kositsa va Rojnyava shifoxonalari jarohatlanganlarga yordam berish uchun shay holatga keltirilgan. To‘qnashuv tunnelga kirishdan oldin sodir bo‘lgan, bu esa favqulodda yordam brigadalarining voqea joyiga yetib borishini qiyinlashtirgan.

Slovakiya temiryo‘l transporti poyezdlarning ikkita temiryo‘l tutashgan joyda to‘qnashganini tasdiqlagan va bekor qilingan reyslarning o‘rniga avtobuslar yo‘naltirilganini ma’lum qilgan.

“Hozirgi vaziyatda ustuvor vazifa yo‘lovchilar va xodimlarimizni qutqarish hamda evakuatsiya qilish”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada poyezd avtobusni ikkiga bo‘lib tashlagandi. Hodisa oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 40 kishi jarohat olgan edi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Slovakiya Rojnyava Yablonov-nad-Turn'ou Matush Shutay-Eshtok

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing