Slovakiyada Fitso siyosatiga qarshi namoyishlar o‘tkazildi

Olam

image

Kecha, 24 yanvar kuni Slovakiya bo‘ylab bir qancha shaharlarda Bosh vazir Robert Fitsoning siyosatiga qarshi namoyishlar o‘tkazildi. Bu haqda “Ta3” telekanali xabar berdi.

Telekanalga ko‘ra, mitinglarni “Ukraina uchun tinchlik” fuqarolik birlashmasi tashkil etgan. Ular Fitso harakatlarini tanqid qilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Bratislava ko‘chalariga taxminan 60 ming kishi chiqqan. Mamlakatdagi barcha 30 dan ortiq shaharlarda esa jami 100 minggacha odam yig‘ilgan. Poytaxtdagi miting 1990 yillarning boshidan beri eng ommaviy namoyish sifatida baholanmoqda. 

“Biz hukumat vakillaridan Rossiya bilan har qanday hamkorlikdan voz kechishni so‘raymiz”, deydi tashkilotchilardan biri.

Ular, shuningdek, Fitsoni “Slovakiyaning kelajagi uchun” iste’fo berishga chaqirgan. Mitinglar tinch o‘tgan, politsiya bilan to‘qnashuvlar bo‘lmagan. Bratislavadagi navbatdagi namoyish 7 fevralga rejalashtirilgan.

Namoyishlardan bir kun oldin Fitso Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini chaqirib, mamlakatda xorijlik ekspertlar guruhi borligini, ular hukumatni ag‘darishga tayyorligini aytgan. Bosh vazirning ta’kidlashicha, bu guruh Gruziyadagi tartibsizlarda ham faol qatnashgan. Siyosatchi muxolifat guruhlarni namoyishlarni kuchaytirishda va xaos yaratishga urinishda, jumladan, hukumat binolarini egallashda ayblagan. “Progressiv Slovakiya”  bosh muxolifat partiyasi bu ayblovlarni ahmoqlik deb atagan.

“Davlat vakillari tomonidan vahima va qo‘rquv tarqatish qabul qilinmaydi. Hech qanday davlat to‘ntarishi tahdidi yo‘q va buni hammamiz bilamiz. Bularning barchasi Fitsoga o‘zining muvaffaqiyatsizliklarini yashirish uchun kerak”, deydi muxolifat rahbari Mixal Shimechka.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘shma matbuot anjumanida “Progressiv Slovakiya”, “Ozodlik va birdamlik”, “Xristian-demokratlar”, “Slovakiya”, “Xalq uchun” va “Xristian ittifoqi” partiyalari vakillari yaqin kelajakda Bosh vazir Robert Fitso hukumatiga ishonchsizlik votumi o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

namoyish Slovakiya Robert Fitso

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing