Sizlarning ortingizda Prezident bor! – Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarga

Jamiyat

image

Tadbirkorlarning ortida ularni doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor. Bu haqda bugun, 18 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Xivada tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda gapirdi.

Prezident muloqot yakunida iqtisodiyotni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha asosiy maqsadlarni belgilab bergan. 

“Biz 40 millionli xalqmiz. Odamlarimiz hayotini yanada yaxshilash uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni saqlab qolishimiz zarur”, deydi davlat rahbari.

Joriy yil yalpi ichki mahsulotni 180 milliard dollardan, eksportni 40 milliard dollardan oshirish marrasi olingan. Buning uchun tadbirkorlarga yuqori daromadli ish o‘rinlari, qo‘shilgan qiymat va tashqi bozorlarni kengaytirish uchun barcha sharoitlar yaratib boriladi.

Toshkentda eksportga yo‘naltirilgan biznes, Andijon, Farg‘ona va Namanganda to‘liq zanjirli to‘qimachilik va mashinasozlik, Samarqand, Buxoro va Xorazmda turizm, kreativ industriya va agrosanoat brendlari yangi o‘sish nuqtalari bo‘lishi kerakligi ta’kidlangan.

Navoiy va Toshkent viloyatida tog‘-kon, metallurgiya va ilmiy kimyo, Qashqadaryo va Surxondaryoda agrosanoat va neft-gaz kimyosida uzun qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish vazifasi qo‘yilgan. Qoraqalpog‘istonda “yashil” energetika, AT va sun’iy intellekt iqtisodiy drayverga aylantiriladi.

Jizzax va Sirdaryoda avtomobilsozlik, elektrotexnika va qurilish materiallari bo‘yicha raqobatbardosh klasterlar rivojlantiriladi. 

“Ana shunda odamlarimiz chetga chiqib ishlashiga zarurat qolmaydi, Yangi O‘zbekiston tadbirkorlari yangi rivojlanish bosqichiga chiqadi. Ishonchim komil, bunga kuchimiz ham, imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi! deydi davlat rahbari.

Ochiq muloqot davomida mamlakat yetakchisi tadbirkorlarning taklif va tashabbuslarini tinglagan.

“Sizlar bilan gaplashib, bir narsaga amin bo‘ldim. Yurtimizda zamonaviy fikrlaydigan, o‘z biznesini kengaytirish uchun yangilikka intilayotgan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda.

Hech qachon oldinga intilishdan, o‘sishdan, rivojlanishdan, yangilik qilishdan to‘xtamang! Sizlarning ortingizda doimo qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli davlat, huquq va manfaatingizni himoya qiladigan qonun, tashabbus va maqsadlaringizni ro‘yobga chiqarishda yelkadosh bo‘lgan Prezident bor!” deydi davlat rahbari yakunda.

Prezident yig‘ilganlarni yana bir bor Tadbirkorlar kuni bilan tabriklab, barchaga sihat-salomatlik, ishlarida rivoj va oilaviy xotirjamlik tilagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing