Sizdan ugina, bizdan bugina. Bayden Erdo‘g‘anga F-16 lar uchun shart qo‘ydimi?

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden Anqaraga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish borasida Turkiyaga, xususan Gretsiya borasida hech qanday shart qo‘ymadi. Bu haqda Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdo‘g‘an “Ostona uchligi” sammitida ishtirok etib, Tehrondan qaytgach, jurnalistlarga ma’lum qildi. 

“Bayden bilan bu masalalarni muhokama qilar ekanmiz, u Gretsiya borasida hech qanday shart qo‘ymadi. Aksincha, uzoq davom etgan uchrashuvimizda biz NATO a’zolari sifatida bir-birimizning qonunlarimizni hurmat qilishimiz kerakligini aytdik. Keyin Bayden F-16 masalasida kelishuvni amalga oshirish uchun qo‘lidan kelganini qilishini ma’lum qildi”, deydi Erdo‘g‘an. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Kongressi Vakillar palatasida kam bo‘lsa-da, Turkiya bilan kelishuvga qarshi chiquvchilar bor. 

15 iyul kuni AQSH Kongressining Vakillar palatasi mamlakat mudofaa byudjetiga F-16 qiruvchi samolyotlarini Turkiyaga topshirish talablarini kuchaytiruvchi tuzatishni ma’qulladi. 

Demokrat Kris Pappas tomonidan taklif qilingan tuzatish AQSH ma’muriyatiga Turkiyaga yangi F-16  samolyotlarini sotish yoki yoki ularni modernizatsiya qilish uchun butlovchi qismlarni eksport qilishni, Prezident Kongressga texnologiyaning bunday transferi Qo‘shma Shtatlarning milliy manfaatlariga mos kelishini tasdiqlamaguncha, taqiqlaydi.

Bundan tashqari, ma’muriyat F-16 samolyotlarining Turkiya tomonidan Gretsiya hududi ustidan qayta-qayta ruxsatsiz parvozlar uchun foydalanilmasligini ta’minlash uchun ko‘rilgan choralarning batafsil tavsifini taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Turkiya avvalroq AQSHdan 40 ta F-16 Block 70 rusumli qiruvchi samolyot va 80 ta Block 70 rusumidagi samolyotlarni yangilash to‘plamini so‘ragan edi. 

Anqarada F-16 sotib olish istagi Rossiyaning S-400 havo mudofaa tizimlarini sotib olishi munosabati bilan beshinchi avlod F-35 qiruvchi samolyotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Amerika dasturidan chiqarilganidan keyin e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz,  29 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden Madridda o‘tgan NATO sammitidan so‘ng Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi va suhbat davomida AQSH Turkiyaga F-16 qiruvchilarini yetkazib berishi va moderenizatsiyasini yo‘lga qo‘yishini, bu haqidagi hujjatni Kongress tezroq ma’qullashiga ta’sir ko‘rsatishini va’da qildi. 

AQSH Mudofaa vazirining tashqi ishlar bo‘yicha yordamchisi Selest Uollanderning aytshicha, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi bo‘yicha o‘zining veto qo‘yish tahdidini bekor qilishga rozi bo‘lgach, AQSHning Turkiyaga nisbatan pozitsiyasi ham o‘zgargan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Jo Bayden

Baholaganlar

126

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing